Xiva tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Sevara Xudayberganova qisqa davr ichida tumanda yashovchi xotin-qizlarning biriga opa, biriga singil, yana biriga esa dugona boʻlib qoldi. U tumandagi barcha mahalla fuqarolar yigʻini raisi va ularning oʻrinbosarlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Shu bois, oilalarda paydo boʻlgan har qanday koʻrinishdagi kelishmovchilik ishtirokchisi boʻlgan xotin-qizlar dastlabki jarayonlardayoq mahalla faollari, kayvoni onaxonlarni jalb qilgan holda murosaga keltirilyapti.
– Albatta, hamma ham birdek murosaga kelmasligi tabiiy, – deydi katta leytenant Sevara Xudayberganova. – Bunday holatlarda jabr koʻrgan xotin-qizlarni huquqiy himoya qilishga kirishamiz. Oʻtgan yil davomida tayziq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 203 nafar xotin-qizlarga “Himoya orderi” berilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 24 nafar xotin-qizlar huquqiy himoyaga olindi. Shuningdek, tumandagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham alohida eʼtibor beryapmiz. Ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish oʻrni bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy hayotga toʻliq moslashib ketishlariga amaliy yordam berish masalalari ham doimiy eʼtiborda.
Amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi ushbu tadbirlar mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash hamda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning asosini tashkil qiladi.
Zokir ISMOILOV,
podpolkovnik.
