XV – XVI asrlarda Movarounnahr, Xuroson va Hindiston hududida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy, tarixiy voqealarni oʻrganishda bu asarning qiymati beqiyosdir. Shuning barobarida, asar Boburning buyuk zamondoshlari Alisher Navoiy, Kamoliddin Binoiy, Kamoliddin Behzod kabi madaniyat arboblari, Husayn Boyqaro, Muhammad Shayboniy kabi taxt egalari, umuman, oʻsha davr oʻzbek xalqi tarixining katta-kichik shaxsiyatlari va ularning oʻzaro muloqotlari haqidagi muhim manbadir. Shu jihatdan «Boburnoma» adabiyotshunoslikdagi tazkira asarlarga xos jihatlarga ega ekanligini taʼkidlash joiz.
Bobur Husayn Boyqaro, Shayboniyxon haqida yozar ekan, ularning badiiy mahorati, ijodkorlik sanʼatlari borasida muhim maʼlumotlarni qayd etadi. Hazrat Alisher Navoiyning maʼnaviyat, ijod ahliga murabbiylik va muqavviylik qilgani, sakkiz devon tuzgani, feʼli-saʼjiyasi borasida fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunday chizgilarda Bobur munaqqid sifatida boʻy koʻrsatadi.
Jahon adabiyotida esdaliklar tarzida yozilgan bir qator asarlar bor. Lekin «Boburnoma» memuar janrining dunyo tafakkur ahli tomonidan eʼtirof etilgan eng nodir namunalaridan biridir. Keng koʻlamdagi tarixiy voqelik yoritilgan asarlar ham koʻp, ammo «Boburnoma» tarixiy voqelik muallifning teran mushohadalari bilan yoʻgʻrilgan betakror manba hisoblanadi. Tarixiy shaxslar, narsa-hodisalar tavsifiga bagʻishlangan asarlar ham yoʻq emas, lekin «Boburnoma»da shaxs surati va siyrati yorqin chizgilarda tasvirlangan, narsa-hodisalar tavsifi noziktaʼb qalb sohibi boʻlgan daho mutafakkir talqini orqali namoyon boʻlgan.
Bobur siyrati, tafakkuri, qiziqishlari, orzu-armonlari, zafar va magʻlubiyati, kuch-qudrati hamda ojizligining haqqoniy ifodasi asar tilining oʻziga xosligini taʼminlagan. Ingliz tarixchisi Elfinston taʼkidlaganidek, «muallifning yorqin xarakteri asarga eng koʻp joziba bagʻishlaydi».
Asar voqelikning oʻta sinchkov, teran aql-idrok, chuqur bilim, tengsiz xotira sohibi boʻlgan muallif shuuri orqali bayon etilishi asar matniga betakrorlik baxsh etgan. Bobur voqelikni boricha tasvirlaydi, shaxslar qiyofasi, feʼl-atvorini roʻy-rost aks ettiradi, ojizligi, notavonligi-yu bemisl ruhiyatini ham bayon etadi. Oʻzi taʼkidlaganidek, har yaxshilikni va har yomonlikni – haqqoniy tarzda bayon etadi: «Lojaram ota-ogʻadin har yaxshilik va yomonligʻkim shoyeʼ edi, tahrir qildim va qarindosh va begonadin har ayb hunarkim bayoni voqeʼ edi, tahrir ayladim».
«Boburnoma»da tarixiy voqelik oʻz aksini topgan. Toj-u taxt talashlari, jang tasviri mazkur jarayon ishtirokchisining bevosita kuzatishlari asosida yozilgan. Shu bois asarda boshqa manbalarda kuzatilmaydigan chizgilar, izohlar uchraydi. «Boburnoma»da aks etgan tarix mol-mulk, saltanat uchun behuda kurash olib borilgani, hayot ziynati, qadr-qimmati anglanmagani, jang-u jadallar inson uchun berilgan qisqa umrning behuda sovurilishidan boshqa narsa emasligini koʻrsatib berdi. Urush har qanday zamonda ham insoniyat boshiga balo keltirishi, yosh umrlarning xazon boʻlishi, yurtning xonavayron, elning shikasta boʻlishini namoyon etadi.
Shoir oʻzgalarga mehr-muhabbat koʻrsatadi, oʻzi ham mehr koʻrishni istaydi, oʻzgalarga yaxshilik tilaydi, kezi kelganda unga ham yaxshilik qilishlaridan umidvor boʻladi. Boshqa bir oʻrinda bu olamda yaxshilikning kamyob ekanligiga, har kim ham yaxshilik qilavermasligiga, har kimdan ham yaxshilik kutish lozim emasligiga amin boʻladi.
«Boburnoma»dagi har bir tasvirda Boburning nozik tabiati, taʼsirchanligi oʻz ifodasini topgan. Bir gal Bobur qoʻshinidan ketgan 26 nafar begining nomini qayd etadi va iztirobini yashirmaydi: Manga bisyor dushvor keldi, beixtiyor gʻalaba yigʻladim.
Qalloshlik (shuhratsizlik, eʼtiborsizlik)dan ozorlangan va xorlik tortgan, sargardon kezishdan charchagan Bobur bosh olib itmak (yoʻqolmoq)ni istaydi: Dedimkim, mundoq dushvorliq bila tirilguncha, bosh olib itsam yaxshi. Mazkur iborada ruhiy toliqish, bevafolik va xiyonatdan azoblanish, barcha noxushliklardan koʻz yumish tuygʻulari aks etgan.
Asar matnidagi bir qator jumlalarda ham ijodkorlarga xos ruhiyat oʻz ifodasini topgan. Masalan, «Bir olma niholi yaxshi xazon boʻlib edi» jumlasida olma niholining yaxshi xazon boʻlganini ifodalash negizida Boburning xazon (kuz) faslini yoqtirishi va kuzatishi namoyon boʻlgan. Dunyo madaniyatida, shoirlarning, ijod ahlining aksariyati kuz faslini yoqtirgani hammaga maʼlum. Negaki, kuz – sokinlik ramzi, kuzda sukunat jimgina soʻzlaydi. Kuzda halovat bor, kuz – osoyishtalik, ruhiy xotirjamlik va hayot haqidagi iqrordir.
Boburda ijod ahliga xos qiziquvchanlik xislati bor. U tasvir jarayonida oʻsimliklarni maʼlum xususiyatlari bilan aks ettirgan. Turlari borasida toʻxtalgan. Masalan, lola turlarini shunday yoritgan: «...turluq-turluq lolalar ochilur, bir qatla lola anvoini buyurdumkim, sanadilar, oʻttuz toʻrt navʼ lola chiqti». Oʻsimliklarni izohlash jarayonida turli lingvistik tasvir vositalaridan foydalangan. Jumladan, xurmo daraxtining rivojlanish tarzini hayvonot (jonzot) hayotiga qiyoslaydi: «Derlarkim, nabotot orasida xurmo daraxtining ikki ishi hayvonotqa oʻxshar: bir ulkim, nechukkim, hayvonot boshini kesarlar – hayoti munqatiʼ boʻlur. Xurmo daraxtining ham boshi kesilsa, daraxti qurur».
«Boburnoma» asarining esdaliklar, xotiralar tarzida yozilishi uning imkoniyatlarini kengaytirgan. Voqelik Bobur tilidan bevosita bayon etilgani bois unda, avvalo, muallif ruhiyati aks etgan.
«Boburnoma»da bir qator sohalarga oid tushunchalar, atamalar uchraydi. Asarda qoʻllangan bayt, devon, masnaviy, qasida (qasoyid), tarix, marosiy, tarokib, gʻazal, masal, qitʼa, muammo, vazn, taxallus, aruz, qofiya, sheʼr ilmi kabi soʻzlar Boburni adabiyotshunos olim sifatida gavdalantiradi.
«Boburnoma» – jahon adabiyotining durdona asari. Shuning barobarida, badiiyatga yoʻgʻrilgan tarix hamdir. Inson hayotda koʻp narsaning qadriga yetmaydi. Shuning uchun ham yonimizdagi baxtni sezmasligi mumkin. Baʼzan baxt ichida yashab ham baxtni orzu qilganlar boʻladi. Bu dunyoning oʻzi moʻjiza. Yaratgan va yaratilgan neʼmatlarning barchasi moʻjiza hisoblanadi. Koʻz koʻrishi, quloq eshitishi, yurak urishi, anglash, idrok qilish – barchasi sir-u sinoat. Ammo inson baribir moʻjizalar qidiraveradi.
Bobur butun borliqni, goʻzallikni his qilgan, yaratganning moʻjizalarini koʻra bilgan va uni shoir tuygʻusi, yozuvchi mahorati, tarixchi haqiqati bilan bayon eta olgan. Shuning uchun ham «Boburnoma» – betakror asar!
Zulxumor XOLMANOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.
