Kunlardan birida hayvonot bogʻidagi ajoyib jonivor va qushlarni tomosha qilayotib, fillarning yonidan oʻtdim va shunday katta jonzotning old oyogʻi bilan ingichka arqon bilan bogʻlab qoʻyilganiga koʻzim tushdi. Na zanjir va na qafas bor. Fillar ipni bemalol uzib keta olsa-da, qandaydir sabab bilan bunday qilishmasdi. 

Men shu atrofda hayvonlarga qarab yurgan xodimdan nega shunday ulkan va kuchli fillar shunchaki bir joyda turib, oʻzlarini ozod qilishga urinmasligi haqida soʻradim. U esa menga shunday javob qildi: «Fillarni bolalik chogʻida, yaʼni juda kichik va kuchsiz boʻlgan paytlarida xuddi shunday ip bilan bogʻlab qoʻyardik va hozir ulgʻaygan chogʻlarida ham shu ingichka ip bilan ushlab tura olamiz. Chunki ular kichik yoshda bu arqonni uza olishmagan va hozir ham unga kuchi yetmasligiga ishonadi. Shu sababli qochib ketishga urinmaydi». 

Bu men uchun juda qiziq maʼlumot boʻldi. Ushbu jonivorlar istagan paytida «kishan»dan xalos boʻlishi mumkin, lekin uddasidan chiqa olmasligiga ishonib, itoatkorlikni maʼqul koʻrishar ekan.

Xuddi shu fillar kabi oramizda necha-necha odamlar bir safar muvaffaqiyatga erisha olmagani tufayli oʻziga ishonchini yoʻqotadi va ikkinchi urinishga jazm eta olmaydi. Vaholanki, har kim harakatdan, izlanishdan, oʻz maqsadi sari odimlashdan toʻxtamasligi, hamisha qayta-qayta urinib koʻrishdan choʻchimasligi lozim. Aslida katta-katta muvaffaqiyatlarga erishishning siri aynan shunda.

Rus tilidan 

Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.