Ichki ishlar organlari tizimida boshqaruv psi­xologiyasi oʻz predmetidan kelib chiqib, rahbar faoliyatini tahlil qilganda, asosiy eʼtiborni uning boshqaruv faoliyatiga qobiliyati bormi yoki yoʻqmi, individual xususiyatlariga koʻra jamoani boshqara oladimi, ishni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun boshqaruvning qay usullaridan foydalanyapti, xodimlarga psixologik taʼsir koʻrsatish maqsadida qanday taʼsir usullarini qoʻllayapti kabi qator masalalarga qaratadi. Rahbarning jamoadagi ijtimoiy-psixologik muhitga taʼsiri, xodimlar oʻrtasida ijtimoiy munosabatlarni tartibga keltirishdagi roli bevosita psixologik bilimlarni amaliyotda qoʻllay olish mahoratiga ham bogʻliqdir. Ichki ishlar organlari jamoasini boshqarishda rahbardan real sharoitlarda xodimlarni aniq maqsad asosida faoliyatga yoʻllash, ularga bosh boʻlish, turli tadbirlarni amalga oshirish, har bir qilingan ish uchun javobgarlikni oʻz boʻyniga olish kabi koʻplab sifatlar talab qilinadi.

Rahbar xodimlarning boshqaruv faoliyatida bunday sifatlarni takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri psixologik jihatdan tayyor­lash­dir. Bundan koʻzlangan maqsad xalq bilan tizimli muloqotni taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etishning sifat jihatidan mutlaqo yangi tartibini oʻrnatish, avvalo, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini oʻz vaq­tida bartaraf etish bilan bir qatorda, ularda hissiy-irodaviy barqarorlikni, stress holatlarini vujudga keltiruvchi omillar taʼsiriga qarshi psixo­lo­gik immunitet hosil qilishdan iborat.

Bu maqsadga quyidagi vazifalarni amalga oshirish orqali erishiladi: boʻlgʻusi ichki ishlar organlari rahbar xodimlarida xalq bilan muloqotga kirishishda, boshqaruv faoliyatida zarur boʻlgan psixologiyaga oid bilimlarni shakllantirish; yangi ishga kelgan xodim bilan ustoz-shogird munosabatini tashkillashtirish jarayo­nida boshqaruv psixologiyasiga oid bilimlarni takomillashtirish; ichki ishlar organlari jamoasida fuqarolar bilan munosabatlarga kirishishda boshqaruv mexanizmlarini inobatga olgan holda, pedagogik taʼsir etish; jamoada xodim­larning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, kadrlarni joy-joyiga qoʻyish; yosh xodimlarning kasbiy faoliyatga moslashuvida ustoz-shogird anʼanasini samarali tashkil etish.

Soʻnggi vaqtlarda psixologik tayyorgarlikni tashkil etishda kasbiy psi­xologik trenin­gdan foydalanish koʻproq ahamiyat kasb etmoqda. Kasbiy-psixologik trening rahbar xodim shaxsining kasbiy muhim xislatlarini samarali rivojlantirishga imkon beruv­chi mashqlar tizimidir.

Psixologik tayyorgarlikni amalga oshirish uchun quyidagi kasbiy-psi­xologik trening usullari qoʻllaniladi:

bilish xislatlari treningi; 

kommunikativ trening;

rolga kirish treningi;

psixologik boshqaruv mashqlari.

Kasbiy-psi­xologik trening usullari rahbar xodim uchun zarur boʻlgan xislatlar, koʻnikmalar va mahoratni samarali shakllantirish va rivojlantirishga imkon beradi.

Bilish xislatlari treningiga kasbiy xotira, kasbiy kuzatuvchanlikni rivoj­lantirish va kasbiy idrok tajriba­sini toʻplash boʻyicha treninglar, kasbiy ziy­raklikni rivojlantirish boʻyicha mashq­lar kiritiladi.

Kommunikativ trening psi­xologik aloqa va ishonchli muno­sabat oʻrnatish, qoʻl ostidagi xodimlar va turli toifadagi fuqarolarga psixologik taʼsir koʻrsatish koʻnikmalarini egal­lashni oʻz ichiga oladi.

Rahbar xodimlar shaxslararo munosabatga kirishganda rolga kirish treningi katta ahamiyat kasb etadi. Rolga kirish koʻnikma­lari rol gimnastikalari, yaʼni nutqqa va nutqsiz vositalarga tegishli rolga mos tashqi ifodali belgilar bagʻish­lash, ushbu vositalarni qoʻllashda improvizatsiya qilish qobili­yatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus mashqlarni bajarish orqali rivojlantiriladi.

Hissiy-irodaviy jarayonlarni boshqara olish koʻnikma­larini egallash uchun psixologik boshqaruv mashqlaridan foydalaniladi. Bu mashqlar shaxsning hissiy holatlarini boshqarishga, ortiqcha asabiylik, zoʻriqishni bartaraf etishga, rahbar xodimning faoliyatida muayyan ijobiy kayfiyat yaratishga imkon beruvchi oʻzini oʻzi boshqarishning eng oddiy usullaridan foydalanish koʻnikma­larini egallashga qaratilgan. Ushbu guruhga autogen mashqlar, irodaviy oʻzini oʻzi boshqarish usullarini egallash ham kiritilgan.

Bugungi kunda rahbar xodimning kasbiy-psixologik tayyorgarligi ichki ishlar organlari faoliyatida muhim rol oʻynaydi. Ichki ishlar organlari rahbar xodimlarining inson va uning ruhiyatini uzviy ravishda qamrab oladigan kasbiy mahorati nafaqat maxsus yuridik bilimlardan, balki kasbiy-psixologik tayyorgarlikdan ham tashkil topadi.

Tegishli mashqlar uchun quyidagi usullar tavsiya etilishi mumkin.

Mantiq usullaridan foydalanish. Juda koʻp hollarda qa­ror topgan sharoit rahbar xodimdan vaziyatni qizishmasdan tahlil qilishni talab etadi. Bunda u, avvalo, oʻzini ayni damdagi ruhiy holati, noadekvat asabiy zoʻri­qishi oqilona emasligiga, soʻngra esa – boshqacha yoʻl tutish maqsadga muvofiqligiga ishontirishi kerak.

«Men eng tajribaliman», «Men hamma narsani qila olaman», «Men har qanday jinoyatni ocha olaman» kabi individual jihatdan muhim boʻlgan oʻzini oʻzi ishontirish usuli juda samaralidir. Ushbu oʻzini oʻzi ishontirish qobiliyatini ulardan kundalik amaliyotda yuzaga keladigan qiyin vaziyatlarni barta­raf etish uchun ragʻbat sifatida doimiy foydalanib, albatta mashq qildirish kerak.

Oʻziga oʻzi buyruq berish usuli­dan foydalanish. Intizomli rahbar xodim «Kerak!», «Bardam boʻl!», «Chida!», «Ishla!», «Boshqar!» kabi ichki buyruqlar yordamida oʻzini yaxshi boshqarishi mumkin. Qoʻshimcha buyruqlar yordamida oʻzini majburlash qobiliyatini muntazam ravishda mashq qildirish muhim.

Obrazlardan foydalanish. Ijodiy tafakkurga moyil shaxs­larga taqlid qi­lishga asoslangan usul yordam beradi. Taqlid qilish uchun obrazni tasavvur qila olish, kerakli rolga kira olish oʻz xatti-harakati uslubiga ega boʻ­lishga va nafaqat oʻz holatini boshqarishga, balki turli toifadagi fuqarolarga ruhiy taʼsir koʻrsatishga ham yordam beradi.

Vaziyatni maqsadga yoʻnalgan tarzda tasavvur qilish. Biron-bir boshqaruv qarorini qabul qilish yoki asabiy zoʻriqishni yoʻqotishda maq­sadga yoʻnalgan ijobiy tasavvur qi­lishdan foydalanish yordam beradi. Bunda ustozlarning oʻgitlari, tajribalari, ideal hisoblagan rahbarlarning ushbu vaziyatdagi harakatlarini eslash tavsiya etiladi.

Oʻzni chalgʻitish usullari. Oʻzini oʻzi boshqarishning faol usullaridan foydalanish qiyin boʻladigan holatlar boʻlishi mumkin. Koʻpincha bu sezilarli charchash, tushkunlik kayfiyatlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bunday vaziyatlarda ruhiy zoʻri­qishni turli xil chalgʻitish vositalari yordamida yoʻq qilish mumkin. Bu vositalar vazifasini koʻp marta qiziqib oʻqiladigan kitob, musiqa, yoqib qolgan film va boshqalar bajarishi mum­kin.

Muskullar tonusini ongli ravishda boshqarish. Muskullar tonusi – hissiy holatning koʻrsatkichlaridan biri. Odatda noratsional asabiy-ruhiy zoʻriqish muskullarning keraksiz zoʻriqishi bilan birga kechadi, bu esa, oʻz navbatida, asabiy zoʻriqishni yanada oshiradi. Bunda muskullar tonusini, masalan, inson yuzidagi muskullar tonusini ixtiyoriy boshqarish maho­rati katta ahamiyatga ega boʻladi. Qovogʻingizni solishingiz, xafa boʻlgandek qiyofaga kirishingiz bilan haqiqatan ham qaygʻu bosadi. Va, aksincha, jilmayish moʻjiza yaratishga qodir. Ogʻir vaziyatda ham jilmaya olish, oʻrinsiz tortinchoqlikni tashlash, ruhiy zoʻriqishni yoʻqotish insonning oʻz imkoniyatlarini yax­shiroq roʻyobga chiqarish qobiliyatini oshiradi.

Nafas olishning oʻzini oʻzi boshqarish vositasi sifatidagi ahamiyati. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, nafas olish hissiy-irodaviy oʻzini oʻzi boshqarish tizimida muhim oʻrin tutadi. Toʻgʻri nafas ola bilish oʻzini oʻzi boshqarish usullarini egallashdagi muvaffaqiyat uchun asos boʻladi.

Bir qator hollarda keskin asabiy zoʻriqishni bartaraf etish uchun chuqur nafas olib, 20–30 soniyaga nafasni ushlab turish mumkin. Shundan keyingi nafas chiqarish va ketidan keladigan takroriy chuqur kompensator nafas olish ahvolning barqarorlashishiga yordam beradi.

Oʻzini oʻzi boshqarishning yuqorida taklif etilgan oddiy usullarining har biri, tabiiyki, chuqurlashtirilishi va kengay­tirilishi mumkin. Shu bois avval xarakteringiz va tempe­ramentingizga koʻproq mos keladiganlarini, muntazam ravishda qoʻllash uchun eng qulay koʻringanlarini tanlash zarur. Oʻzin­gizning individual xususiyatlaringiz tanlov mezoni boʻlishi kerak. Bundan tashqari, oʻzini oʻzi boshqarish usullari yoʻnalishi boʻyicha farqlanishi mumkinligini inobatga olish zarur. Bir vaziyatda ular asabiy zoʻriqishni bartaraf etish, tinchlanish, mehnat qobiliyatini tiklashga yordam bersa, boshqasida – sa­farbarlikka, xizmat sharoitlariga eng mos keladigan ruhiy holatga kirishga yordam beradi.

Baxtiyor SIRLIYeV, 

podpolkovnik.