Xorazm viloyati IIBda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirga ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari taklif etildi.
Uni viloyat IIB boshligʻi, general-mayor D. Nazarmuhamedov ochib, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P. Bobojonovning bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Boshqarma boshligʻi bugungi kunda yurtimiz tinchligi, chegaralarimiz dahlsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlariga toʻxtalib oʻtdi va yigʻilganlarni bayram bilan qutladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq xizmat burchini bajarishdagi fidoyiligi, mardligi va jasorati uchun viloyat IIB JXX JTSB PPX batalʼoni xodimi, kichik serjant Davronbek Madraximovning “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligi alohida eʼtirof etildi.
Shundan soʻng huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlariga Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan koʻkrak nishonlari, “Faxriy yorliq” hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shuningdek, xizmat vazifasini bajarishda hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarining ota-onalariga boshqarma boshligʻi tomonidan “Tashakkurnoma”lar berildi.
Bayram kechasida ichki ishlar organlari faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolariga ham alohida hurmat-ehtirom koʻrsatildi va bayram sovgʻalari topshirildi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
