Bilasizmi, dadil va realist insonlar yuqoridagi «standart»larni eshitib, beixtiyor kulgiga beriladi. Oʻziga yetarlicha baho bera olmaydiganlar esa ushbu talablarga qattiq yopishib oladilar. Ular uchun atrofdagilarning eʼtibori birinchi oʻrinda turadi. Hamma kabi boʻlish – qulay, albatta, lekin, oʻzligingiz qayoqqa ketdi?!

Oʻzlikni anglash qanday boʻladi? Bu jarayon, eng avvalo, kishining hayotda oʻzi uchun yaratgan qadriyatlari bilan shakllanadi. Avval oilada, soʻngra jamiyatda munosabatga kirishgan kishi borki, maʼlum qadriyatlar asosida yashaydi, harakatlanadi. Bu qadriyatlar esa kishining oʻziga nisbatan bahosi, yashash tarzi, oilaviy anʼanalar va kundalik odatlarni oʻz ichiga oladi. 

Mutaxassislarning aytishicha, oilada farzandlarga ota-ona mehri va eʼtiborining yetishmasligi oʻzini sevmaslik, oʻzgalar fikriga qaramlik yuzaga kelishiga sabab boʻlar ekan. Odatda ruhan sogʻlom ota-onalar farzandlarini jonlaridan ortiq sevadi. Biroq ularda farzand psixikasiga taʼsir oʻtkazuvchi shaxsiy kamchilik va muammolar boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Masalan, oʻta eʼtiborli onalar farzandlariga kuniga yuz martadan qoʻngʻiroq qilib qa­yerdaligi, nima bilan bandligini soʻrashi mumkin. Asabiy ota-onalar esa stress va turli ogʻir vaziyatlari alamini farzand­laridan oladi. Qonun va taqiqlar kayfiyatga qarab kundan-kunga oʻzgarib boraveradi. Balogʻat davrida bola ushbu omillarga javoban yigʻlashi, achchiqlanishi mumkin, ammo uning ongida «men ota-onam mehriga, muhabbatiga loyiq emasman» degan fikr uygʻonadi. Xuddi mana shundan keyin oʻzini sevmaslik «kasal»i boshlanadi.

Eshitishni oʻrganing!

Agar muammoingiz mukammallikka intilish boʻlsa, eslab qoling, mukammal narsalarning oʻzi yoʻq. Begonalarning xohish-istaklarini bajarish oʻrniga, oʻzingizni tinglashni oʻrganing. Oʻzingizga qarshi bormaslikka intiling. Barini kichik narsalardan boshlang. Bu borada sizga kitob mutolaasi yoki sayohat qilish yaxshi yordam beradi. Eng muhimi, hayotda oʻzgalarning hayot tarzini yoki odatlarini oʻzlashtirmasligingiz uchun oʻz qadriyatlaringizni yarating. 

Mavlono Jaloliddin Rumiyning shunday oʻgiti bor: «Hamma zohirga bezak bermoqqa kirarkan, sen botinga bezak bermoqqa shoshil». Zero, botini goʻzal kishi oʻzini yaxshiroq taniydi. Atrofdagi fikr va nayranglarga aldanishdan ehtiyot boʻladi. Muhimi, uning maqsadlari aniq, yoʻli ravon boʻladi. Bunday kishilar jamiyatni faqat oldinga tortadi. 

Feruza RAHMONQULOVA.