Atoqli oʻzbek shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom 1903 yil 10 mayda Toshkentning Qoʻrgʻontegi mahallasida tugʻilgan. Ota-onadan erta yetim qolib, singillarini boqish uning zimmasiga tushgan. Jadid maktablarida tahsil olgan. “Chor devon”, “Haftiyak”, Yassaviy asarlarini mutolaa qilgan. Ijodni sheʼr bilan boshlagan boʻlsa-da, xalqqa felʼetonchi, publisist, hajviy hikoyanavis sifatida tanilgan.
Oʻttizinchi yillar Gʻafur Gʻulom ijodining avji shiraga toʻlgan payti boʻlgan. Adabiyotning deyarli barcha jurnallarida toʻxtovsiz asarlari bosilib chiqqan. Gʻafur Gʻulomning shunday odati boʻlgan ekan: gazetada hikoyasi bosilib chiqqan kuni, albatta, eski shahar rastalarini, guzarlarni aylanib hikoyasi odamlarga qanday taʼsir qilganini bilgisi kelar ekan. Bu paytlarda yozuvchi kulgi hikoyalari ustasi sifatida 1932 yil “Netay” qissasini yozgan boʻlsa, “Soyalar” hikoyasi orqali insondagi kuchli psixologik holatlarni tasvirlashga ham nihoyatda usta ekanligini yaqqol namoyon qilgan. Ijod ummoniga shoʻngʻigan adib hammaning ogʻziga tushgan “Koʻkan” dostonidan keyin “Ikki vasiqa”, “Toʻy” nomli dostonlarini, undan soʻng esa oʻnlab hikoya (“Yigit”, “Kulgi hikoyalari”), ocherk, felʼetonlari chop etildi. 1936 yilga kelib esa ikkita yirik qissa – “Yodgor” va mashhur “Shum bola” (dastlabki nomi “Dovdirash”)ni eʼlon qildi. “Yodgor”qissasi “Guliston” jurnalida, “Shum bola”ning sarguzashtlari esa “Mushtum” jurnalida nashr etila boshlagan. Yozuvchining “Shum bola” asari hali yozib tugallanmasdanoq chop etila boshlagan va Gʻafur Gʻulom bu asari ustida yigirma besh yil ishlagan. 1936 yilda qissaning birinchi va ikkinchi qismlari, qirqinchi yillarning oxirida uchinchi qismi tugatilgan. Oltmishinchi yillarning boshlarida qayta tahrir qilingan.
Oltmishinchi yillarning oʻrtalarida “Gilos danagidan tasbeh” toʻplamidagi hajviy hikoyalari mashhurlik choʻqqisiga erishdi. Shundan “Qizaloq” (1928), umrining soʻnggi yillarida yozilgan oxirgi asari “Mening oʻgʻrigina bolam” (1965) ham joy olgan. Adibning “Shum bola” hamda “Mening oʻgʻrigina bolam” asari yozuvchiga nisbatan avtobiografik asar deya baholanadi.
Gʻafur Gʻulom nasriy uslubiga xos hajviy xalqona ohang “Hasan Kayfiy” (1965), “Afandi oʻlmaydigan boʻldi” (1965) hikoyalarida yaqqol koʻzga tashlanadi.
Har qanday oʻtkir shoirning ham hamma yozgan yaxshi, aʼlo sheʼrlari orasida uning butun ijodiy kuchini, sanʼatkorlik choʻqqisini belgilab beradigan shoh asarlari boʻladi. Gʻafur Gʻulomning ana shunday asarlari bu “Turksib yoʻllarida”, “Sogʻinish”, “Sen yetim emassan”, “Vaqt”, “Qozoq elining toʻyi” va “Alisher” kabi sheʼrlaridir.
Gʻafur Gʻulom asarlari asosida teatr spektakllari va kinofilʼmlar yaratilgan. Adib jahon va rus adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga tarjima kilgan.
1966 yil 10 iyulda Toshkentda vafot etgan. 2000 yil “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Adolat FAYZIEVA tayyorladi.
