Mirsaidov Mirmuxsin — yozuvchi, shoir, jurnalist. 1974 yil “Umid” romani uchun Hamza nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofoti sovrindori boʻlgan, uchta orden va medallar bilan taqdirlangan. “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat arbobi” va “Oʻzbekiston xalq maorifi aʼlochisi” sharafli unvonlari sohibi.
Mirmuxsin 1921 yil 3 may kuni Toshkentda tugʻilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan.
Oʻz faoliyatini Mirmuxsin oʻrta maktabda oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchiligidan boshlagan. Soʻngra, oʻzbek radiosida, markaziy gazeta va oynomalar tahririyatida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida muharrirlik qilgan. “Sharq yulduzi” oynomasi 20 yil, “Mushtum” hajviy jurnalida 10 yil bosh muharrir sifatida faoliyat yuritgan.
Ilk sheʼriy toʻplami “Sadoqat” 1943 yil nashr etilgan. Soʻnggi yillar davomida Oʻzbekiston paxtakorlarining qahramonona mehnatlari haqidagi “Usta Gʻiyos”, “Yashil qishloq” dostonlari yaratilgan. Soʻngra, “Qadrdonlar”, “Shiroq” va boshqa dostonlari omma yuzini koʻrgan.
Moskvada “Fargʻona bahori”, “Sheʼrlar va dostonlar”, “Lirik satrlar” va boshqa toʻplamlari chop etilgan. 1957 yil uning koʻp yillik mehnat namunasi – “Ziyod va Adiba” sheʼriy romani oʻquvchilarga havola etildi.
Mirmuxsin yaxshi romannafis sifatida ham tanildi. U zamonaviy Oʻzbekiston hayoti haqidagi “Degrez oʻgʻli” (1972), “Chotqol yoʻlbarsi” (1977), tarixiy romanlari “Meʼmor” (1974), “Temur Malik” (1985) kabi hayotiy ramonlar muallifi.
Shuningdek, yozuvchi bolalar uchun oʻndan ortiq kitoblar ham yozgan. A. Pushkin, T. Shevchenko, V. Mayakovskiy, N. Tixonov va boshqa koʻplab ijodkorlarning sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
1998 yil “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Taniqli yozuvchi Mirmuxsin 2005 yilning 2 fevralʼ kuni 84 yoshida vafot etgan.
Madina Qahhorova tayyorladi.
