Xalqimizning sevimli aktyori Erkin Komilov 1946 yil 20 iyulda Andijon viloyatida tugʻilgan.

1968 yilda Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (). 1966 yildan Hamza (Oʻzbek milliy akademik drama teatri) teatrida aktyor. U ijro etgan Qilichbek ("Oltin devor"), Qobiljon ("Samandar"), Ibn Sino ("Beruniy"), Karl Moor ("Qaroqchilar"), Jevakin ("Uylanish"), Glumov ("Har toʻkisda bir ayb"), Myasnikov ("Qatagʻon"), al-Zokir ("Piri Koinot"), Boyazid ("Sohibqiron Temur"), Ikrom ("Ufq"), Albeni ("Qirol Lir"), Abulfayzxon ("Abulfayzxon"), Ortiq ("Noyob nusxa"), Mannon Uygʻur ("Tomosha davom yetadi"), Garrison ("Yetti faryod") va boshqa obrazlari oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Shu bois tomoshabinlar mehrini qozongan. 

Rol oʻynashda yaxshilik, tabiiylik, qahramonning hissiyot va kechinmalarining murakkab majmuini bera olish, aktyor siyratidagi jilovlangan kuch, ziyolilik, ichki madaniyatning joʻsh urishi Erkin Komilov ijodiga xos noyob xususiyatlardan.

E. Komilov kinoda ham bir qancha obrazlar yaratgan. Jumladan, Begimqul ("Yuzsiz"), Yoʻldosh ("Sevgi"), Muslim ("Oʻtgan kunlar"), Valixoʻja eshon ("Amirning xufyona yurishi"), Hurram ("Tilla bola"), Boyazid Yildirim ("Amir Timur"), Qurbonov ("Uchishga ruxsat yeting"), Dovjenko kinostudiyasida "Yulduz shuʼlasi" filmida Ergash Sobirov va boshqa video hamda telefilmlarda Aziz Qosimov ("Girdob"), Sultonmurod ("Alisher Navoiy"), Haydar ("Diyonat"), Abdurahim Saidov ("Yoz yomgʻiri"), Charlz Forister ("Qora karvon"), Bachana ("Abadiyat qonuni"), Abdujabbor ("Qora koʻzlar"), Mayor Salihov ("Soʻnggi oʻq"), Haydar (Kesak polvon) ("Shaytanat"), Shokir ota ("Yettinchi falakdan kelgan ovoz") kabi rollari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan.

Bundan tashqari, "Otalar soʻzi – aqlning koʻzi" koʻrsatuvida 100 dan ortiq tarbiyaviy ahamiyatga ega rollar ijro etgan, 500 dan ortiq film (ayniqsa, multfilm, ertak-filmlar)ni dublyaj qilishda qatnashgan.