Xalqimizning sevimli farzandi, isteʼdodli shoir va publitsist Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvar kuni Samarqand viloyati, Samarqand tumanidagi Chordara qishlogʻida tugʻilgan.

Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. Turli nashriyot va ijodiy tashkilotlarda, jumladan, Maʼnaviyat va maʼrifat markazida rahbar oʻrinbosari, Oʻzbekiston televideniyesi «Yoshlar» telekanalining bosh direktori lavozimlarida ishlagan.

Katta adabiyotga kirib kelishi 1976 yili «Guliston» jurnalida ustoz shoir Erkin Vohidovning oq yoʻli bilan boshlangan.

Dastlabki sheʼrlar toʻplami – «Qadrdon quyosh» (1979). «Shahardagi olma daraxti» (1979), «Tungi bogʻlar» (1981), «Uchib boraman qushlar bilan» (1983), «Toʻmarisning koʻzlari» (1984), «Bolalikning ovozi» (1986), «Qaqnus» (1987), «Polyot odinokoy ptitsi» (1989), «Samarqand xayoli» (1991), «Bahordan bir kun oldin» (1997) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan.

Xurshid Davron 90-yillarda sheʼriyatdan koʻra nasriy janrlarda samarali ijod qildi. U olis oʻtmishda yashagan unutilmas tarixiy siymolar hayoti va faoliyati bilan qiziqib, ular haqidagi moʻʼtabar qoʻlyozma manbalar bilan tanishdi va Bibixonim haqida «Samarqand xayoli» (1991), Ulugʻbek haqida «Sohibqiron nabirasi» (1995), Shayx Kubro haqida «Shahidlar shohi» (1998) kabi tarixiy-maʼrifiy kissalarni yaratdi. Xurshid Davron bu asarlari bilan 90-yillarda Oʻzbekistonda tarixiy oʻtmishga boʻlgan munosabatning yana ham qizgʻin tus olishiga munosib hissa qoʻshdi.

Xurshid Davron bunday tarixiy siymolar hayotini puxta oʻrganib, ular haqida sahna asarlari ham yozdi («Mirzo Ulugʻbek» – «Algʻul», 1995; «Boburshoh», 1996). Xurshid Davron tarixiy mavzudagi bu asarlari bilan hozirgi oʻzbek dramaturgiyasiga oʻtmishda yashagan ajoyib vatandoshlarimizning yorqin obrazlarini olib kirdi.

Xurshid Davron Samarqandda Amir Temurning 660, Ulugʻbekning 600 yilligiga, Parijda «Odeon» teatrida Buxoro va Xivaning 2500 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan teatrlashtirilgan tomoshalar va 21 qismdan iborat «Temurnoma» videofilmi va «Buxoroi sharif» (2 qismli) telefilmi stsenariylari muallifi hamdir.

Sharq va Gʻarb shoirlarining asarlaridan iborat «Qirq bir ishq daftari» (1989) va yapon shoirlarining sheʼrlaridan tarkib topgan «Dengiz yaproqlari» (1988) toʻplamlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

«Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlangan.