Oʻzbek fantastikasining asoschilaridan biri boʻlgan Tohir Malik (Hobilov Tohir Abdumalikovich) 1946-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. 

1969-yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan adibning birinchi yirik asari – “Hikmat afandining oʻlimi”. Shuningdek, “Zaharli gʻubor”, “Falak”, “Somon yoʻli elchilari”, “Chorrahada qolgan odamlar”, “Bir koʻcha, bir kecha”, “Alvido, bolalik”, “Soʻnggi oʻq”, “Ov” kabi ilmiy-fantastik va sarguzasht qissalari mashhur.

“Shaytanat” romani yozuvchining yirik asarlaridan biri. Asar asosida koʻp seriyali telefilm yaratilgan. Shuningdek, “Jinoyatning uzun yoʻli” ilmiy-tahliliy risolasi, “Mehmon tuygʻular” nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar toʻplami ham oʻquvchilarga yaxshi tanish. Uning “Amir Temur davri adabiyoti”, “Varaxsha”, “Unvoni inson”, “Sohilsiz dengiz”, “Zulmat saltanati”, “Moshtabib” (2002) ssenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.

Rus yozuvchisi F. M. Dostoyevskiyning “Maʼsuma” qissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Adibning Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida pedagog sifatida faoliyat yuritganini ham alohida eʼtirof etish joiz.

Tohir Malikning maʼnaviyat va tarbiya masalalariga bagʻishlangan “Odamiylik mulki” asaridagi hikmatli soʻzlar allaqachon odamlar qalbidan joy olgan.

*Aql – bamisoli yoʻl koʻrsatuvchi nasihatgoʻy. Adolat esa aql koʻrsatmasini bajaruvchi kuch. 

*Gʻazab – bamisoli ovchi it. U nafs istagidagi hayajon bilan emas, balki bitta ishora bilan toʻxtash darajasida tarbiyaga muhtoj. Shahvat esa bamisoli ovga miniladigan ot. U baʼzan tarbiya koʻrgan, yuvosh. Baʼzan esa asov va qaysar.