Xalqimizning sevimli shoiri Eshqobil Shukur 1962 yil 20 iyulda Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan.

Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetida tahsil olgan.

Oʻzbekiston televideniyesi muharriri, «Saodat» jurnali bosh muharriri oʻrinbosari, Davlat matbuot qoʻmitasi bosh muharriri vazifalarida ishlagan. «Maʼnaviy hayot» jurnali bosh muharriri lavozimida xizmat qiladi.

Eshqobil Shukur «Qadimgi bitiktoshlarga yozuvlar», «Mengim momoning yoʻqlovi» singari dastlabki sheʼrlari bilanoq tilga tushgan. «Yurakni oʻrganish», «Sochlari sumbul-sumbul», «Tungi gullar», «Yashil qushlar», «Xamal ayvoni», «Koʻz yumib koʻrganlarim» kabi sheriy kitoblarini oʻquvchilar yaxshi biladi.

Ijodkor «Koʻhna bogʻ rivoyatlari», «Oqibat oqshomi», «Padarkush» kabi nasriy asarlar hamda «Ibtido xatosi», «Naqshband» nomli dramatik dostonlar, «Lahza siniqlari», «Nasoyim-ul muhabbatga sayr» turkumlari, «Dunyoning koʻchishi», «Qoʻriqxonada», «Pul sanayotgan odam» kabi qissa va hikoyalar hamda «Bobosoʻz izidan» nomli tilimiz tarixi va tadrijiga bagʻishlangan kitoblar muallifi hamdir.

Eshqobil Shukur 2013 yil «Eʼtirof» mukofoti sohibi, 2016 yil «Oltin qalam» xalqaro milliy mukofoti tanlovi gʻolibi boʻldi. Shuningdek, serqirra ijodkor 2016 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan turkiy tilli adiblar anjumanida «Turkiy tillar sharafi» mukofotiga sazovor boʻlgan.

 

Daryolar uygʻondi koʻnglimda mening,

Oʻn ikki oy erir qoʻlimda mening,

Pirlar paydo boʻldi oʻngimda mening,

Men endi dunyoni netarman?..

Oʻynabman yurakni urgancha toshga,

Uchib kirgandayman men oʻttiz yoshga,

Ishoning, men endi boshqaman, boshqa,

Bu yolgʻon savdoni netarman?..

Davlatu zar sizga, dunyolar sizga,

Yer ostiga ketgan daholar bizga,

Dil ishqqa aylandi, oʻzim yulduzga,

Bu oʻlik sahroni netarman?..

Olov qushlar uchdi tilimdan mening,

Rubob yasang endi qoʻlimdan mening,

Qarzim ham qolmadi oʻlimdan mening,

Bu oʻtar dunyoni netarman?..