Ustoz yurtimiz uchun eng qiyin va tahlikali boʻlgan yillarda Ichki ishlar vaziri sifatida odil va oqilona siyosat olib bordilar. Tashabbuskorlik koʻrsatib, islohotlar jarayonining boshida turdilar.
Inson umrining mazmunini yillar emas, yoʻllar belgilaydi. Yoʻllarki, ezgu maqsadlarni, buyuk orzularni dilga tukkancha otlanilgan yoʻllar. Yoʻldoshiga, yoʻldagilarga beminnat yordam qoʻllari choʻzilgan, ularning ogʻirini yengil qilingan yoʻllar. Odamlarning tinch-osuda va farovon hayot kechirishi, emin-erkin mehnat qilishi, eng muhimi, ularning masʼud onlari koʻproq boʻlishini istab chiqilgan yoʻllar. Va ushbu xayrli maqsadlar roʻyobi uchun matonat ila bosib oʻtilgan yoʻllar...
Yarim asrki, ana shu yoʻldan dadil odimlab borayotgan general-polkovnik Zokirjon Almatovning ezgu ishlari dildan tillarga koʻchadi. Uning murakkab geosiyosiy sharoitda mamlakatimizda millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni asrash, sarhadlar daxlsizligini saqlash, yaqin qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni yanada yaxshilash, turli mintaqa va hududlarda xavf-xatar hukm surgan zamonda ichki ishlar organlari xodimlarini ogohlik, sergaklik va hushyorlikka, fidoyilikka daʼvat etib, mustaqilligimizni mustahkamlashga qoʻshgan beqiyos hissasini butun xalqimiz yuksak qadrlaydi.
Tavallud ayyomingiz muborak boʻlsin, aziz Ustoz! Biz kabi shogirdlaringiz baxtiga doimo sogʻ-salomat boʻling. Koʻp yillar yoshlarni vatanga, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash kabi ezgu amallarda bosh-qosh boʻlib yurishingizni tilaymiz.
Bernora SADIKOVA,
polkovnik.
