Shoirning «Intizor», «Sayqal», «Hamqishloqlarim», «Qorakoʻzginam», «Jahongashta», «Sensiz yolgʻiz, gʻarib boʻldim», «Jahonnoma», «Iltijo» kabi koʻplab kitoblari adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish. Uning bir qancha sheʼrlari sanʼatkorlar tomonidan qoʻshiq qilib kuylangan, oʻz davrining mashhur qoʻshiqlariga aylangan. Ayniqsa, «Gul bir yon, chaman bir yon» sheʼrini (xalq orasida «Chaman ichinda bir gul» deb ham nomlanadi) tojikistonlik taniqli hofiz Abdurauf Olimov 1986-yili maromiga yetkazib kuylagan. 

Sanʼatkor 1985-yili Guliston shahrida qiziqchi Hojiboy Tojiboyev bilan birga konsert dasturi namoyish etadi. Tomoshabinlar orasida shoir Toʻra Sulaymon ham bor edi. 

Konsert tugaganidan keyin shoir ikki sanʼatkorni uyiga taklif qiladi. «Gul bir yon, chaman bir yon» sheʼri kiritilgan toʻplamiga dastxat yozib, ularga sovgʻa qiladi. Kitobni varaqlagan Abdurauf Olimovga aynan shu sheʼr juda maʼqul keladi. Unga kuy bastalab, qoʻshiq qiladi. 

Qoʻshiqni ilk marotaba toʻyda ijro etganida, muxlislar iliq kutib oladi. 1986-yili Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi studiyasida yozib olinadi. Efirga uzatilganidan keyin tez orada Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistondagi tinglovchilar orasida ommalashadi. Keyinchalik radioning oltin fondiga kiritiladi. Shu-shu, «Gul bir yon, chaman bir yon» qoʻshigʻi Abdurauf Olimovning tashrif qogʻoziga aylanadi.

Soʻnggi yillarda bir qancha xonandalar mazkur qoʻshiqni kaver yoʻnalishida ham kuylab koʻrishdi. Lekin muxlislar uchun birinchi ijro asl ijro boʻlib qolaverdi.

 GUL BIR YON, CHAMAN BIR YON

(Qoʻshiq varianti)

Chaman ichinda bir gul, gul bir yon, chaman bir yon,

Sarvi Sanobarmidir – soch bir yon, suman bir yon,

Sahar, subhi sodiqda mushk bir yon, mujgon bir yon,

Tun pardasin tortsa gar, oy bir yon, osmon bir yon.


Oʻsgan bogʻiga olqov, oʻstirgan bogʻboniga,

Xavfu xatardan saqlab kelgan soyaboniga.

Andalib qoʻnar, zogʻlar qoʻnolmas boʻstoniga,

Maqtoviga men bir yon, borliq suxandon bir yon.


Bu olamda Oy tanho, muborak Quyosh tanho,

Boʻy qizlarning ichinda shu bir egma qosh tanho,

Uningdek hech kim menga boʻlmasa sirdosh tanho,

Goʻroʻgʻli sulton bir yon, Toʻra Sulaymon bir yon.


Adolat FAYZIYEVA.