Abdulloh Lutfullayev IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyida tahsil oladi. Ingliz tilini puxta oʻrganib, tinimsiz izlanish va intilishlari natijasida oʻtgan yili oktyabr oyida xalqaro IELTS (7,5 ball darajasi) sertifikatini oldi. Joriy yil yanvar oyida esa bir necha xorijiy universitetlarga bakalavr taʼlim bosqichi boʻyicha hujjat topshirdi va biratoʻla barchasida oʻqish huquqini qoʻlga kiritdi.
Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, dunyoning 300 ta eng kuchli universiteti roʻyxatidan joy olgan Buyuk Britaniyaning «Queen Mary University of London», «University of Birmingham», «University of Surrey», «Swansea University» taʼlim muassasalariga xalqaro huquq mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul qilindi. Ulardan «Swansea University»ni tanlab, shu yerda taʼlim olishga qaror qildi.
Ziyoli oilada tugʻilib oʻsgan yosh qahramonimiz ota-onasi, bobo-buvilarining oʻgitlari, pand-nasihatlariga amal qildi. Bolaligidanoq kitobga oshno tutindi, oʻqidi-oʻrgandi. Qisqasi, uning bilimli, tarbiyali, erkin va mustaqil fikrlay oladigan farzand boʻlib yetishishida oilaviy muhitning taʼsiri katta boʻldi.
Abdulloh 2020-yili bolalik orzusini roʻyobga chiqarish yoʻlida ilk qadamini tashladi: IIV 1-sonli Toshkent akademik liseyiga yuqori ball toʻplagan nomzodlar qatorida oʻqishga qabul qilindi. Taʼlim jarayonida ichki ishlar organlarida koʻp yillar xizmat qilgan malakali ustozlardan bilim oldi. Bu yerdagi qatʼiy tartib-intizom unda vatanparvarlik, fidoyilik va masʼuliyat hislarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Darvoqe, shu yil fevral oyida «El-yurt umidi» jamgʻarmasi ilgʻor xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish uchun 2022-yilgi birinchi stipendiya tanlovini eʼlon qildi. A.Lutfullayev davlat va jamiyat boshqaruvi taʼlim yoʻnalishida huquq mutaxassisligi boʻyicha tanlovning barcha sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, jamgʻarma stipendianti boʻldi.
Uning kelgusidagi orzulari bir olam. Jahonning nufuzli universitetida tahsil olib, malakali kadr sifatida ota-onasi va xalqining ishonchini oqlash. Vatanga munosib farzand boʻlib, yurt tinchligi va osoyishtaligi hamda rivojiga munosib hissa qoʻshish. Choʻqqilarni koʻzlayotgan oʻgʻlonga bu yoʻlda faqat omad tilaymiz.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
Ikrom HASANOV olgan suratlar.
