Har bir xalqning oʻz tabiiy sharoiti va istagiga koʻra oʻzi sevgan ichimligi hamda yeguligi boʻlar ekan. Masalan, yaponlar – guruch, qora kunjut, soya oʻsimligi mahsulotlarini, inglizlar – konfetni, finlar – qahvani, bolgarlar – shakarni, amerikaliklar – goʻshtni sevib isteʼmol qilisharkan. Choyxoʻrlikda esa oʻzbek va irlandlarning oldiga tushadigani yoʻq.
Choy tarkibidagi polifenol rak va boshqa nuqsonlarning oldini oladi. U qon va toʻqimalarda toʻplanib, rak hujayralarini yoʻq qiladi. Yaponiyaliklar koʻk choy odam tanasini radiaktiv moddalardan tozalashini aniqlashgan. U miya faoliyatini yaxshilaydi, qon tomirlari qayishqoqligini oshiradi, qon bosimini pasaytiradi, tanani dahmaza moddalardan forigʻ etishda muhim rolʼ oʻynaydi. Agar homilador ayol koʻk choy ichsa, chaqalogʻi benuqson tugʻiladi. Qisqasi, koʻk choyning boshqa choylarga nisbatan zarari juda kam. Ammo koʻk choy baʼzilarda mijozni sustlashtiradi, sillasini quritadi, odam tanasidagi zarur mikroelementlarni yuvib ketadi.
Qora choyning ham oʻziga yarasha foydali tomonlari yetarli. Shotlandiyalik olimlar aniqlashicha, qora choy qandli diabetga chalingan bemorlarga ijobiy taʼsir qilar ekan. Xususan, inson organizmida qandli diabet xastaligi rivojlanishiga qarshi immunitet hosil qiladi. Yana uning tarkibidagi polifenol moddasi insulin oʻrnini bosar ekan...
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, odam organizmi saralash xususiyatiga ega. U choyni ham tahlillaydi. Bu oʻsha kishi yashayotgan joy va iqlimga bogʻliq. Shu tufayli qora yoki koʻk choy ichiladi. Muhimi, choy sizni tetiklashtirib, kayfiyatingizni koʻtarsa bas. Choyga marhamat, azizlarim!
Mirzoqul AHADOV tayyorladi.
