Oʻz kelajagini farovon, tinch koʻrishni xohlaydigan har bir shaxs oʻz istiqbolini oldindan rejalashtiradi, buning uchun tegishli ustuvorliklar, maqsad va vazifalarni belgilab oladi. Bugun kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatini anglagan har qanday davlat ham fuqarolarining munosib hayot kechirishini taʼminlash uchun ularning farovonligini koʻzlab oʻz oldiga muayyan ustuvor yoʻnalishlarni, maqsad va vazifalarni qoʻyadi.
Davlatimiz rahbarining «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi toʻgʻrisida»gi farmonida aks etgan insonparvarlik siyosati, «inson qadri uchun» tamoyili ijrosi yoʻlidagi dadil qadamlar, yaqin kelajakda amalga oshiriladigan keng koʻlamli islohotlar, aniq maqsad va vazifalar xalqimiz hayotiga yangicha mazmun baxsh etishi bilan ahamiyatlidir.
Xalqimizning kundalik hayotida ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, kambagʻallikni qisqartirish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, taʼlim sifatini ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, qisqa qilib aytganda, jamiyatdagi barcha sohalarni Yangi Oʻzbekistonga mos ravishda yangi bosqichga olib chiqishni oʻzida mujassam etgan «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Prezident farmoni mamlakatimizni kelgusida rivojlantirishning muhim ahamiyatga molik dasturilamal hujjatidir.
Aytish joizki, dastur har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim boʻgʻiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlashga xizmat qiladi.
Davlat dasturi 5 ta yoʻnalish, 100 maqsaddan iborat boʻlib, ushbu maqsadlarga erishish uchun 400 dan ortiq vazifani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida tayyorlangan ushbu hujjatning pirovard maqsadi barcha sohalarni rivojlantirish orqali xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etishni oʻz ichiga olgan.
Xususan, unda 2024-yil 1-martdan boshlab mahalla, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamgʻarmasi 600 million soʻm miqdorida boʻlgan xorijiy tillar boʻyicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va «Zakovat» intellektual oʻyinlarini yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, kasblar tanlovlarini oʻtkazish va unda gʻolib boʻlgan yoshlarni oʻz hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan taʼminlash, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yoʻnaltirish,
2024-yil 1-iyundan boshlab «Yosh tadbirkor» tanlovlarini oʻtkazib borish boʻyicha vazifalar belgilangan.
Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimini qoʻshimcha mingta umumiy oʻrta taʼlim muassasasida joriy qilish va fanlardagi amaliy mashgʻulotlar ulushini 60 foizgacha oshirish, shu bilan birga, 7,5 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga oʻqitish, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari boʻyicha yuqori ball olgan 6 ming nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplab berilishini taʼminlash,
2024-yil 1-sentabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy oʻrta taʼlim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan oʻquvchilar uchun bepul avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilishi taʼlim sifati va samaradorligi yanada oshishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, dasturda 6,7 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida yurak-qon tomir, qandli diabet, oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklari xavfini aniqlash boʻyicha profilaktik koʻriklar tashkil etish, 10 million nafar aholini yugurish, futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, milliy va belbogʻli kurash kabi sport turlari boʻyicha marafon va musobaqalarni tashkil etish orqali ommaviy sportga jalb qilish choralari koʻrilishi nazarda tutilgan.
Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-yil yakuniga qadar viloyatlar markazlarida kamida bittadan ogʻir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam koʻrsatuvchi xospislar tashkil etilish, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab pensiya tayinlashda bir vaqtning oʻzida shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob varagʻidagi pulni olish bilan bogʻliq harakatlarni proaktiv tarzda amalga oshirish, nogironlikni belgilashda nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi joriy etilishi ham aholi manfaatlarini oʻylab amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol namunasidir.
Dasturda 2024-yilda YAIM oʻsish surʼatining 6 foizdan kam boʻlmagan darajada boʻlishini, investitsiyalar esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz boʻlishini taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 milliard dollar boʻlgan 309 ta yirik loyihani ishga tushirish, yillik inflyatsiya darajasi 9 foizgacha boʻlishini taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlariga 275 trillion soʻm kredit resurslarini yoʻnaltirish, 41 trillion soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatish hamda banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit stavkalarini bozor mexanizmlari asosida 2–3 foiz pasaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab qoʻyildi.
Aholining qulay tabiiy muhitga ega boʻlishi uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida 2024-yil 1-martdan boshlab hududlarda chang boʻroni sodir boʻlayotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori boʻlgani aniqlanganda ushbu jarayondan aholini doimiy xabardor qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish, oʻlchami 500 metr kvadrat va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish boʻyicha majburiy talablar joriy etish lozimligi belgilandi.
Shuningdek, 2024-yilda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar koʻchatlarini ekish, 444 ta yashil bogʻlar barpo etish, suv isrofini kamaytirish maqsadida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlash ishlarini yakuniga yetkazish boʻyicha choralar koʻriladi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar, sohaga masʼul boshqa vazirlik va idoralarning kiberxavfsizlik hamda epidemiologik barqarorlikni taʼminlash boʻyicha salohiyatini keskin oshirish maqsadida kiberxavfsizlik infratuzilmasining muhim elementlari hisoblanuvchi axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi uchun har bir vazirlik va idorada masʼul shaxslar javobgarligi belgilanmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur davlat dasturida nazarda tutilgan maqsadlarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi Yangi Oʻzbekistonning har bir fuqarosi bugungi hayotidan mamnun boʻlib, yurt taraqqiyoti va rivojiga oʻzida daxldorlik hissini tuyib yashashiga xizmat qiladi. Zero, islohotlar har birimizning amaliy ishimizga aylangan taqdirdagina muvaffaqiyat qozonamiz.
Azizjon FAYZIYEV,
podpolkovnik.
