Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasida gerbga shunday taʼrif beri­ladi: «Gerb (polyakcha — «herb», nem. «yerbe» — «meros» soʻzidan olingan) — biron-bir mamlakat yoki hududining siyosiy va tarixiy xarakterdagi gʻoyalari majmuasini, oʻziga xos tabiiy va xoʻjalik xususiyatlari, tabaqaviy tafovutlarini, shaxs, urugʻ va boshqalar­ning shajaralarini ifodalovchi alohida ramziy belgi». Ushbu taʼrifdan kelib chiqib, shartli ravishda: «Davlat gerbi – davlat ramzlaridan biri boʻlib, unda davlatning milliy, siyosiy, iqtisodiy xususiyatlari, ijtimoiy va davlat tuzumi, geografik va boshqa belgilari oʻz ifodasini topadi», – deyish mumkin. 

Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda, gerblarning dastlabki elementlari antik davrlarda paydo boʻlgan. Jumladan, Shumer davlatining ramz­larida sher boshli burgut, qadimgi Rim davlati ramzida esa burgut tasvirlangan. Sohibqiron bobomiz Amir Temir saltanatining ham oʻz tamgʻasi boʻlgan. Yevropada oʻrta asrlarda koʻpgina shaharlar ham oʻz gerbiga ega edi. Masalan, Venetsiya gerbida qanotli sher aks etgan. 

Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, ushbu davlat ramzi 1992-yil 2-iyuldagi «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida»ga qonun bilan tasdiqlandi. Mazkur qonunning 2-moddasida shunday deyiladi: «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir».

Darhaqiqat, gerbimiz yuqoridagi talabga toʻla javob beradi. Unda togʻlar, daryolar oʻz aksini topgan. Gerbimizning soʻl tomonidan rizq-u roʻzimiz timsoli boʻlgan bugʻdoy boshoqlari oʻrin olgan. Oʻng tomonida esa chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlari tasvirlangan. Bugʻdoy boshogʻi va gʻoʻza shoxidan iborat chanbar oʻrtasida yashnab turgan koʻm-koʻk vodiy. Ushbu jannatmonand vodiy uzra saxiy Quyosh zarrin nurlarini sochib turibdi. Xalqimizning orzusi ham shu – ozod va obod diyorimiz osmoni hamisha musaffo boʻlsin, Quyosh toabad oʻlkamiz uzra nur sochaversin.

Gerbning yuqori qismida yurtimiz hurligining ramzi boʻlgan sakkizburchak ichida yarim oy va yulduz aks etgan. Ilohim, oydin tunlar Vatanimiz osmonini yulduzlar bezab tursin. Men bu tasvirni ana shunday tushundim. Gerbning markazida Humo qanotlarini yozib turibdi. Azaldan u baxt, omad qushi sanalgan. Hamisha boshimiz uzra Humo qanot qoqaversin, mustaqilligimiz, erkimiz abadiy boʻlsin. Davlatimiz gerbi xalqimizning ana shunday ezgu orzu tilaklarini oʻzida ifoda etadi. Shuning uchun ham elimizning ardoqli shoiri Erkin Vohidov faxr-u iftixor bilan quyi­dagi satrlarni bitgan edi:

Boshingda Hurriyat 

quyoshing bordir,

Oʻz Tugʻrong, Bayrogʻing, 

Yurtboshing bordir.

Yuqoridagi qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri doimiy ravishda qaysi tashkilotlar binolarining old tomoniga, majlislar zallariga joylashtirilishi qayd etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlis palatalarining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda respublika davlat boshqaruvi organlarining binolari shular jumlasidandir.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, ushbu roʻyxatdan Oʻzbekiston Res­publikasining Davlat chegaralarida oʻrnatiladigan sarhad ustunlari ham oʻrin olgan. Yaʼni mazkur ustunlar­dagi gerbimiz tasvirlari hur diyorimiz qayerdan boshlanishini anglatib turadi.

Mazkur qonunga koʻra, Oʻzbekis­ton Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga, nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbiga oʻxshash boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, Oʻzbekis­ton Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. 

Gerbimiz, avvalambor, davlatimiz ramzi, mustaqilligimiz timsolidir. Qolaversa, ezgu orzu-umidlarimiz, el-u yurtimizga mehr-u muhabbatimiz ifodasidir. Shuning uchun ham har birimiz uchun moʻtabar, aziz va muqaddas sanaladi.

Shunday ekan, yurtimizning barcha fuqarolari, qolaversa, mamlakatimizda turgan boshqa shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari lozim. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi toʻgʻrisidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar amaldagi qonun hujjatla­rida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.

Har gal davlatimiz ramzlari, xu­susan gerbimiz haqida oʻylaganimda ushbu sheʼriy satrlar xayolimdan oʻtadi:

Boshing uzra erk Quyoshi porlab 

tursin, ona xalqim,

Humo qushi baxt, tolega chorlab 

tursin, ona xalqim.

Egning butun, rizqing butun, 

bagʻring butun, ona xalqim,

Borim fido, jonim fido, 

sening uchun, ona xalqim.

Bobomurod TOSHEV

tayyorladi.