Maʼnaviyat va maʼrifat darsi Bahrom SAIDOV,

IIV Akademiyasi Ilmiy kengashi kotibi, yuridik fanlar doktori, dotsent.


Davlatning asosiy funksiyalaridan biri huquq-tartibotni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda ichki ishlar organlari muhim oʻrin tutadi. Bugun ichki ishlar organlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlashning asosiy kafilidir.

Mustaqillik yillarida ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarining mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun tashkil etilgan quyi boʻgʻinini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha salmoqli natijalarga erishildi. Bu esa, oʻz navbatida, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini taʼminlash, yurtimizda jinoyatchilikning oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik imkonini berdi.

Oʻzbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida»gi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan ichki ishlar organlarining huquqiy maqomi, vakolatlari, majburiyatlari va huquqlari, ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash tartibi va shartlarining qonun darajasidagi huquqiy asosi vujudga keldi. Huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy zamini yaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, diniy ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish boʻyicha tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro samarali hamkorligini tashkil etish bilan bogʻliq aniq vazifalar belgilandi.

Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalari singari, ichki ishlar organlari tizimini ham har tomonlama, izchil va jadal rivojlantirishning konseptual huquqiy asosi boʻlib xizmat qilmoqda. Ushbu muhim hujjatga asosan, oʻtgan vaqt mobaynida keng koʻlamli islohotlar, ulkan tarixiy ahamiyatga molik ishlar amalga oshirilib, ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qilishga yoʻnaltirilgan yangi professional tuzilmaga aylantirishga, mamlakatimizda huquq-tartibotni, osoyishtalikni hamda qonun ustuvorligini taʼminlashga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan islohotlar oʻzining kutilgan natijalarini bermoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Harakatlar strategiyasida taʼkidlangan «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» prinsipi ichki ishlar organlarining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarining fuqarolar bilan doimiy va ochiqlikka asoslangan muloqotlarining yoʻlga qoʻyilgani, ularni oʻylantirayotgan, qiynayotgan masalalarni hal etish sohaviy xizmatlar rahbarlari va xodimlari oldidagi birinchi darajali vazifaga aylangani, xalqimizning orzu-istaklari roʻyobga chiqishiga, ertangi kuniga ishonchi mustahkamlanishiga, buning natijasida ichki ishlar organlarining xalq orasida obroʻyi oshishiga xizmat qilmoqda. 

Davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari jamiyat hayotida naqadar muhim oʻrin tutishi haqida alohida toʻxtalib, «Xalqimiz Yaratgandan avvalo tinchlik-xotirjamlikni soʻraydi. Shundan soʻng, oʻz uyim, boshpanam boʻlsa, oilam, bola-chaqam bilan sogʻ-salomat yashasam, deydi. Biz xalqimizning ana shunday orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish uchun ikkita masalaga, yaʼni ichki ishlar va sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishga katta eʼtibor qaratayapmiz», deb taʼkidlagan.

Soʻnggi toʻrt yil vaqt mobaynida barcha sohalar singari ichki ishlar tizimida ham keng koʻlamli va puxta oʻylangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yoʻlida katta ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz 25 oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigida, «Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat boʻladi», deb taʼkidladi.


Davlatimiz rahbari, jamiyat hayoti uchun katta tahdid boʻlgan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, korrupsiya, odam savdosi va narkotrafikka qarshi kurash kuchaytirilgani, bu borada ilm-fan yutuqlari va ilgʻor texnologiyalardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgani, ana shunday islohotlar natijasida ichki ishlar organlari zamonaviy texnika bilan taʼminlangan, xalqchil va ochiq, kriminogen vaziyatni mustahkam va ishonchli nazorat qila oladigan, mobil va ixcham tuzilmalarga aylanib borayotganini, eng muhimi, soha xodimlarining maʼnaviy qiyofasi, jamiyatimizdagi obroʻ-eʼtibori yuksalib borayotganini qayd etdi.

Haqiqatan ham, ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash boʻyicha samarali tizim yaratilayotgani, sohada oʻz burchi va qasamyodiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar xodimlar soni koʻpayib borayotgani, ichki ishlar organi boshligʻidan tortib profilaktika inspektorigacha xalq oldida hisobot beradigan amaliyot joriy etilgani aholining islohotlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning ichki ishlar organlarida, avvalo, tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar va xodim faoliyatining kundalik qoidasi boʻlishiga, boshliqlar tarkibining yakuniy natija uchun shaxsiy javobgarligini oshirishga, fuqarolar murojaatlarini qisqa muddatlarda hal qilishga, shuningdek, har qanday salbiy holatlarning oldini olishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bu ichki ishlar organlarining barcha boʻgʻindagi rahbarlari va xodimlaridan yuksak masʼuliyat, vatanparvarlik, yuklatilgan vazifalarni bajarishga sidqidildan va vijdonan yondashish, tashkilotchilik, mehnatsevarlik hamda tashabbuskorlik kabi fazilatlarni talab qiladi.

Maʼlumki, tizimda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar eng avvalo, yetuk malakali mutaxassis kadrlar faoliyatiga bogʻliq. Shu bois ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish mezonlari va shartlarini yanada takomillashtirish, intellektual va professional bilim darajasi, maʼnaviy-axloqiy saviyasi yuqori boʻlgan kadrlarni tayyorlash, xodimlar malakasini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini yaratish kabi jarayonlarni, xavfsizlik va huquq-tartibot masalalarida yuqori samaradorlikka erishgan mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrgangan holda tashkil etish davr talabiga aylandi.

Tizimda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini aniqlash va kompleks baholash boʻyicha shaffof raqamli elektron dasturni joriy etish, buning uchun, uning indikator va subindikatorlarini shakllantirib amaliyotga tatbiq etish masalasi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari rahbarlarining hududlarda huquq ustuvorligi va qonuniylikni taʼminlash borasidagi masʼuliyatini kuchaytirishga, buning natijasida tegishli xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning oʻrni yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Shu bois xizmatga yangicha yondashish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash, fidoyilik va jonkuyarlik koʻrsatish ichki ishlar organlarining barcha boʻgʻindagi rahbar va xodimlari xizmat faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur. 

Zotan, ichki ishlar organi davlatning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim sifatida yurtimizda Uchinchi Renessans – milliy taraqqiyotning yangi davri poydevoriga ham munosib hissa qoʻshishi lozim.