Siz kutgan uchrashuv

Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist, «Shuhrat» medali sohibasi Dilnoza Kubayeva 1986 yilda Toshkentda tavallud topgan. 2004 yildan buyon Oʻzbek Milliy akademik drama teat­rida «Oʻtkan kunlar», «Imon», «Quyoshni sen uygʻotasan», «Oʻjarlar» kabi koʻplab spektakllarda, shuningdek, «Kelgindi kelin», «Telba», «Hijron», «Kechikkan hayot», «Farzandim», «Baron» singari 30 ga yaqin filmlardagi oʻz ishtiroki bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlgan.

– Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Munavvara Abdullayeva va Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdiyev kursida oʻqiganman. Ular aktyorlikning nozik jihatlarini oʻrgatish bilan bir qatorda, hayot yoʻlida qimmatli maslahatlarini berishgan, – deydi Dilnoza Kubayeva.

Teatr va kinoda rang-barang ijrolari bilan nafaqat ustozlarining ishonchini oqlab, balki sanʼatsevar xalqimizning mehrini ham qozonib kelayotgan isteʼdodli aktrisa Dilnoza Kubayeva yaqinda «Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist» unvoni bilan taqdirlandi.

– Dilnozaxon, avvalo, unvon muborak boʻlsin! Ushbu mukofotni qabul qilib olayotganingizda koʻnglingizdan nimalar kechdi? 

– Hojiakbar Komilov, Raʼno Yarashevadan keyin Dilnoza Kubayeva, deya chaqirishganidan juda suyundim. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatri aktyorlarining uch nafari ham shu mukofot bilan taqdirlandi. Roʻyxat uzun edi. Agar bitta oʻzim boʻlganimda bunchalik quvonmagan boʻlardim. Odatda koʻpchilik bilan boʻlgan ishni, hayotimdagi xursandchiligimni ham hamma bilan boʻlishishni yaxshi koʻraman. Teatrda bir boʻlak nonni, hatto bitta konfetni ham boʻlaklab ulashadigan ustozlarimiz bor edi. Hayotimda koʻrganlarim, kuzatganlarim men uchun katta saboqdir.

– Teatr, umuman, sanʼat hayotning inʼikosi ekanligi bor gap. Siz oʻz ijroingizni hayotiylik bilan boyitishda koʻproq qaysi jihatlarga eʼtibor qaratasiz?

– Avvalo, asarda mantiq boʻlishi kerak. Agarda mantiq buzilgan boʻlsa, adib va rejissyor bilan maslahatlashib, bir fikrga kelishga va rolimni tabiiy ijro etishga harakat qilaman. Sahnada ijroimga avval oʻzimni ke­yin tomoshabinni ishontirish – bosh maqsadim.

 – «Baron» filmida oddiy epizodik rolda tomoshabinga nihoyatda chuqur maʼnoni yetkazib bera olgansiz? Ayniqsa, Izzatning oʻz bolasi bilan bojxona postidagi suhbati sahnasi...

– Bu sahna men uchun nihoyatda qiyin kechgan. Men aynan shu sahnada rolim tabiiy va ishonarli boʻlishi uchun kinokartina rejissyori Rustam akaga koʻp murojaat qilganman. Chunki men juda hissiyotga boy ayolman. Bunaqa ogʻir, vazmin ayol obrazi, qolaversa, atrof­da aygʻoqchilar bor. Turmush oʻrtogʻimning maxsus xizmat odami ekanligini sezdirmaslikka harakat qilishim kerak. Bu obrazning muhim nuqtasini topib olishim va ijro etishimda Rustam aka oʻzlari yordam bergan va har bir harakatimni boshqarib turgan. Shunday vaziyatlarda stsenariy muallifi va rejissyorlarning yordamiga suyanaman, tayanaman. Ulardan soʻrashdan uyalmayman.

– Qatagʻon qurbonlari qatori, mislsiz aziyat chekkan adabiyot ahlining achchiq qismatidan soʻzlovchi «Said bilan Saida» filmida sizni yana bir yangi qiyofada koʻrdik...

– Bu rolimda qattiqqoʻl, erkaklar bilan bir safda ishlasa-da, nafis tuygʻularini qalbining bir chekkasida asrab yashaydigan harbiy ayol qiyofasini gavdalantirganman. Hayotda koʻp kuzatganman, shunday qiyin, murakkab sohalarda xizmat qilsa-da, toʻrt qator sheʼrdan taʼsirlanib, toʻkilib-toʻkilib yigʻlaydigan insonlar bor. Ular sanʼatni, adabiyotni tushunadi va qadrlaydi. Shunday ichki ishlar organlari xodimlarini bilaman, ularning qoʻlidan qalam tebratish, sheʼr yozish, ajoyib tarzda qoʻshiq kuylash keladi.

– «Koʻrgim keladi» kinokartinasida Ziyoda Aliyeva boʻlib, jazoni ijro etish muassasasidagi sahnalarda koʻnglingizdan nimalar kechgan?

– Shu kinokartinada suratga tushish jarayonida men kulish nimaligini ancha vaqtgacha unutganman. Qibray tumanidagi jazoni ijro etish muassasasida olingan bu sahnalar. U yerga kirishning oʻzidayoq toʻq-toʻq ranglar bilan chizilgan boshqacha bir olam sizni oʻrab oladi va qandaydir sokinlik ruhiyatingizga koʻchadi. Avvaliga qamoqxona devorlariga qarab, kameralarga kirishga qoʻrqqanman. Lekin xayolimni bir yerga jamladim. Qoʻrqishga, choʻchishga haqqim yoʻq, menga ishonib topshirilgan vazifani ado etishim kerak, dedim. Oʻsha vaziyatda onaning maqsadi nima boʻladi? Bu ogʻir kunlarni yengib, farzandini bagʻriga bosishini ich-ichimdan his etganimdan soʻng suratga olish jarayonlari yaxshi oʻtgan. U yerdagi rejissyor Javohir Qosimov boshchiligidagi aktyorlar ansambli toʻgʻri tanlangan va judayam yaxshi jamoaviy ish boʻlgan. Hamma astoydil mehnat qilgan. Bizga muassasada xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining katta yordami tekkan. Har gal shu filmni koʻrganimda ulardan minnatdor boʻlaman. Yana bir fikr: ular nihoyatda masʼuliyati ogʻir va jiddiy xizmatni olib borishsa-da, sanʼatni va sanʼatkorlarni hurmat qilishiga guvoh boʻlganman.

 – Bugun barcha sohalarda oʻsish-oʻzgarishlar, islohotlar jarayoni kechmoqda. Kino va teatr sohasida-chi? Umuman olganda, bugun ekran yuzini koʻrayotgan kinolar va teatr tomoshalaridan koʻnglingiz toʻlyaptimi?

– Davlat buyurtmasi asosida olinayotgan kinolar ancha chigʻiriqlardan oʻtadi. Ulardan koʻnglim toʻladi. Hozir xususiy kino ijodkorlarimiz biroz toʻxtab qolishdi. Esingizda boʻlsa,

2005 yildan xususiy filmlar juda faollashib ketgan edi. Bunday kinolarga «xontaxta» degan nom ham qoʻyishgandi. Toʻgʻrisi, menga bu taʼrif yoqmaydi. Xususiy film ham ijod. Ijodga nisbatan bunaqa kamsitish kerakmas. Oʻsha «xontaxta»larda ham yaxshi mavzular koʻtarilgan shunday filmlar orqali tanilganlar bor. Shunday filmlarni sogʻinadigan muxlislar ham bor. 

– Milliy teatr sahnasida qoʻyilayotgan yangi asarlar, ijodingizdagi yangiliklar haqida nimalar deysiz?

– Teatrimizda namo­yish etilayotgan «Adolat fasli» asari ijodimdagi yangi spektakl hisoblanadi. Usmon Azim qalamiga mansub asarda Amir Temur bobomiz bosib oʻtgan ulkan hayot yoʻlining bir parchasi sahnalashtirilgan. Menga Amir Temurning kelini Xonzodabegim rolini ishonib topshirishgan, yuki bor obraz. Men oʻzimni mana shunday dramatik rollarda koʻrishni xohlayman.

– Mushtariylarimizga tilaklaringiz...

 – Ichki ishlar organlari libosini kiyish orzuim edi. Hayotda nasib qilmagan boʻlsa ham, rollarimda, masalan, «Advokatlar»da ichki ishlar organlari xodimasi rolini ijro etganman. Ularning libosini kiyish yoqadi. Ammo uning orqasidagi mashaqqatli mehnat, fidoyilik, vaqtida oʻzingdan, oromingdan kechish kerakligini ham yaxshi bilaman. Ularning sharafli xizmatlarida mus­tahkam sogʻliq, oilaviy baxt, koʻngil osoyishtaligini tilab qolaman.

«Postda» muxbiri

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA

suhbatlashdi.