Bir kuni Said Ahmad aka nashriyotga telefon qilib qoldi:
– Abdulla aka (Abdulla Qahhor) haqida xotiralar kitobi chiqarayotgan ekansizlar, Kibriyo opa maqola yozib berishimni iltimos qilgan edi, qoʻlyozmani senga joʻnatyapman, oʻzing koʻrib chiqarsan.
– Xoʻp boʻladi, – dedim.
– Faqat bir iltimos, – dedi ustoz, – men «dum»li «h» bilan «dum»siz «x»ning farqini bilmayman, oʻzing qoʻyib olarsan.
– Gap yoʻq, xotirjam boʻling, – dedim kulimsirab.
– Lekin Said Ahmad akam juda tupoy ekan, deb oʻylamasliging uchun u yer-bu yeriga «dum» qoʻyib qoʻydim, yana qararsan, – dedi u kishi va xayrlashdik.
Ikki-uch soatdan keyin qoʻlyozma yetib keldi. Ochib qarasam, baraka topkur ustoz «Ahmad», «havo», «husn», «holva», «hamshira» kabi soʻzlarning «dum»ini olib tashlab, «xat», «xaridor», «xayriyat», «xavotir» degan soʻzlarga erinmasdan «dum» qoʻyib chiqqan ekan.
