Ekologik madaniyat – ongli ravishda shakllanib boradigan tuygʻu boʻlib, uni hayotimiz davomida amaliy harakatlarimiz bilan rivojlantirib borishimiz va unga amal qilishimiz lozim. Sodda qilib aytganda, ekologik madaniyat atrof-muhitga nisbatan ijobiy munosabatimiz, yaʼni tabiat va atrof-muhitni asrash oilada, maktabda, mahallada, har bir jamoada shakllanib boradigan qadriyatdir.
Mamlakatimizda tabiiy resurslardan foydalanishning huquqiy meʼyori va miqdorini belgilash hamda ushbu talablarga rioya etilmagan holatlarda huquqiy javobgarlik choralarini qoʻllash masalalari bilan bogʻliq munosabatlar tartibga solingan. Xususan, Asosiy qonunimizning 62-moddasida «Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar», 68-moddasida esa «Yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir» degan konstitutsiyaviy-huquqiy normalarning belgilanganligi ham mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolarning tabiiy resurslarga nisbatan ekologik madaniyatga ega boʻlishini talab qiladi.
Bundan tashqari, foydalanishimiz nazarda tutilgan tabiiy resurslar alohida milliy qonunlar bilan huquqiy tartibga solinganligi ham muhim ahamiyatga ega. Jumladan, tabiatni va atmosfera havosini muhofaza qilish, suvdan foydalanish, ekologik ekspertiza, yer osti boyliklari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ekologik nazorat, oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi oʻnga yaqin qonunlar va kodekslarda huquqiy normalar oʻz aksini topgan.
Qayd etish kerakki, milliy qonunchiligimizda ekologiya sohasidagi huquqiy munosabatlarning barcha jihatlari tartibga solingan boʻlsa-da, ekologik taʼlim yoʻnalishida ilgʻor milliy va xorijiy tajribani oʻrganish, ular asosida taʼlim oluvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishning aniq parametrlari ishlab chiqilmaganligi atrof-muhitga va umuman tabiatdagi tiklanmaydigan tabiiy resurslarga boʻlgan munosabatlarning ijobiy emasligini bildiradi.
Aholining ekologik madaniyatini shakllantirish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish maqsadida Harakatlar strategiyasi doirasida davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-oktabrdagi «2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi farmoni imzolandi va amalga tatbiq etildi. Mazkur farmon asosida 2030-yilga qadar kutilayotgan natijalar sifatida quyidagilarni koʻrsatish mumkin: Orol dengizining qurigan tubining Oʻzbekistondagi qismida oʻrmonzorlar maydonini uning jami hududiga nisbatan
60 foizgacha yetkazish, qishloq xoʻjaligida suv resurslarini yoʻqotishni 10 foizga kamaytirish, qishloq xoʻjaligida suv isteʼmolini (solishtirma gektarga nisbatan) 15 foizga kamaytirish, oqova suvlarini tozalash samaradorligini
80 foizgacha oshirish, atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini 10 foizga kamaytirish, transport vositalarining 80 foizini gaz-ballon yoqilgʻisi va elektr energiyasida ishlashga oʻtkazish, oʻrmonzorlar bilan qoplangan oʻrmon fondi hududini
4,5 mln gektargacha kengaytirish, IV toifadagi qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar maydonini 12 foizgacha kengaytirish, Qizil kitobga kiritilgan va pitomniklarda parvarish qilingan chiroyli tuvaloqlarni tabiatga qoʻyib yuborishni yiliga 4000 gacha koʻpaytirish, aholini qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib ketish xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olish, hosil boʻladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 65 foizgacha koʻpaytirish, alohida xususiyatga ega chiqindilar (tarkibida simob boʻlgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatib boʻlingan moylar, qadoqlar chiqindilari va boshqalar)ning qayta ishlash hajmini 30 foizgacha koʻpaytirish kutilmoqda.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi «Oʻzbekiston Respublikasida Ekologik taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori asosida maktabgacha taʼlim muassasalari, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari, professional taʼlimda, oliy taʼlimda, oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda, maktabdan tashqari taʼlim tizimlarida ekologik taʼlimni uzluksiz yoʻlga qoʻshish belgilandi. Shuningdek, Konsepsiyaning 6-bobi bilan oliy taʼlim tizimida ekologik taʼlimni takomillashtirish boʻyicha bir qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish rejalashtirildi.
Prezidentimizning 2023-yil
23-noyabrdagi «Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, «Yashil makon» umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga koʻra, mamlakatimizda «Yashil makon» elektron platformasi yaratildi va amalda faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 2024-yil 29-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan «Yashil makon» loyihasi doirasidagi ishlar hamda chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida»gi videoselektor yigʻilishida esa «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish, uning doirasida yiliga
125 mln tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish belgilanganligi, xususan, joylarda 444 ta yashil bogʻ va 160 ta jamoat parkini tashkil qilish va «Mening bogʻim» loyihasini ishga tushirish zaruriyati mavjudligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, ekologik madaniyatni shakllantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:
birinchidan, insonning yashash muhiti boʻlmish biosfera va ekologiya tizimlari barqarorligini saqlab qolish, odamlarning ekologik jihatdan xavfsizligi, inson va uning kelgusi avlodlari genetik fondi haqida gʻamxoʻrlik qilish;
ikkinchidan, fuqarolarning hayot uchun qulay tabiiy muhitga ega boʻlish huquqini taʼminlash, barcha turdagi taʼlim muassasalarida ekologiya taʼlimini yoʻlga qoʻyish majburiyligi;
uchinchidan, jamiyatning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini ilmiy asoslangan holda uygʻunlashtirish;
toʻrtinchidan, tabiatdan maxsus foydalanganlik uchun haq toʻlash va umumiy asoslarda foydalanganlik uchun haq toʻlamaslik mexanizmlarini ishlab chiqish;
beshinchidan, ekologiya ekspertizasi oʻtkazishning majburiyligini taʼminlash va monitoringini olib borish;
oltinchidan, tabiatdan oqilona foydalanishni va tabiatni muhofaza qilishni ragʻbatlantirish tizimini keng yoʻlga qoʻyish natijasida «Ekotaʼlim», «Ekomahalla», «Ekoshahar», «Ekohudud» huquqiy maqomini ommaviy joriy etish;
yettinchidan, tabiiy resurslarni tiklash zarurligi, atrof tabiiy muhit va inson sihat-salomatligi uchun zararli, tiklab boʻlmas oqibatlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
sakkizinchidan, tabiatni muhofaza qilish sohasida milliy, regional va xalqaro manfaatlarni uygʻunlashtirish;
toʻqqizinchidan, tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish masalasini soddalashtirish.
Oybek XOLMOʻMINOV,
IIV Akademiyasi dotsenti,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori, podpolkovnik.
