Buyuk sarkarda bobomiz Amir Temurning «Kitob (bitik) barcha bunyodkorlik, yaratuv­chilik va aql-idrokning, ilm-u donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir», degan taʼkididan ham kitob milliy oʻzlik hamda umuminsoniy qadriyatlarni targʻib etishga xizmat qiluvchi mayoq ekanligini anglash qiyin emas. 

Hozirgi kunda yurtimizda kitobxonlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. Aholi oʻrtasida milliy va jahon mumtoz adabiyotining yuksak namunalari targʻib qilinyapti. Eng faol kitobxonlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan qator tanlovlar oʻtkazilyapti. Respublikamiz boʻylab kitob yarmarkalari tashkil etilyapti. Buni ichki ishlar organlari tizimida oʻtkazilayotgan «Eng faol kitobxon xodim», «Eng ilgʻor kitob­xon kursant», «Kitobxon oila» koʻrik-tanlovlari misolida ham yaqqol koʻrishimiz mumkin. Shu oʻrinda kitob mutolaasi tanlovlarida gʻolib chiqib, mukofotlarni qoʻlga kiritish uchun emas, har birimizning ruhiy olamimizni boyituvchi maʼnaviy ehtiyojimizga aylanmogʻi zarurligini taʼkidlashimiz kerak. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mutolaa haqida fikr bildirib, shunday degandi: 

«... hamma­miz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan masala, yaʼni, kitob­xonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga boʻlgan muhabbatini, ularning maʼnaviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chi­qish vazifasi turibdi». 

Hozirda hayotimizga kirib kelgan kompyuter, oʻzi kichkinagina quticha boʻlsa-da, qator imkoniyatlarga ega mobil telefonlar yordamida istalgan yangilig-u axborotni bilib olish mumkin. Bu odamlarda kitob oʻqish uchun vaqt sarf­lash shartmikin, degan fikrni uygʻotgani ham rost. Mulohaza qilaylik, hech bir axborot vositasi, kino yoki videofilm bosma nashr etilgan badiiy asar oʻrnini bosolmaydi. Tan olishimiz kerak, kitob oʻqishning ajib bir zavqi bor. Bu haqda akademik Akmal Saidov shunday degan edi: «Kitob — qalb chirogʻi, tafakkur qanoti. Ayniqsa, bosma kitobdan taralayotgan va elektron nashrdan topib boʻlmaydigan oʻziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida moʻjizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan koʻngil cheksiz zavqqa toʻlgan holda, kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikrlashishning huzur-halovati tamoman oʻzgachadir». 

Kitob oʻqigan inson dunyoqarashi kengligi, mulohaza qilishi, bilimi, yuksak tafakkuri bilan boshqalardan ajralib turadi. Kitob bilan yoshligidan oshno tutingan bola yaxshi inson boʻlib ulgʻayadi. Shu oʻrinda oilada, maktab va bogʻchalarda bolalarning kitobga mehrini, adabi­yotga qiziqishini oshirish ota-onalarning, oʻqituv­chilarning vazifasi ekanligini ham aytib oʻtishimiz lozim.

Buyuk allomalar, olim-u fuzalolar, shoir-u adiblar hayoti va ijodi bilan tanishganimizda, ularning maʼrifatli oilalarda oʻsib ulgʻaygani bilan bir qatorda aynan ilm-maʼrifatga qiziqishi oilada kitobga eʼtibordan boshlangani, bu ularning taʼlim-u tarbiyasida qoʻl kelganiga hayotiy misollar koʻp. Jumladan, soʻz mulki­ning sultoni Alisher Navoiy yetti yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Imom al-Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod ha­disni yoddan bilgan. Ammo u davrlarda bugun bizdagi imkoniyatlarning bir qismi ham boʻlmagan. Lekin ular oʻz maqsadlari sari intilib, izlanib, yuksak maʼnaviyat sohibiga aylanishgan. 

Qachonki, insonning mustaqil fikri, maʼnaviy olami boy boʻlsa, u jamiyatning faol aʼzosiga aylana oladi. Odamni borliqdagi boshqa mavjudotlardan ajra­tib turuvchi omillardan biri ham uning maʼnaviyati­dir. Bunda kitobdan yaxshi, beminnat doʻst va maslakdosh yoʻq ekanligini unutmasligimiz zarur. 

Qalbi qalbiga muqaddas rishtalar bilan tutash insonlarmiz. Kitob esa har bir insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Bir-birimizga sogʻinganlarimiz yaxshilik, ezgulik ekan, bunda bilimlar chashmasi boʻlgan kitobdan yaxshiroq sovgʻa yoʻq. Faqat kitobning sarasini tanlay bi­lish kerak. Chunki hamma yaltiraydigan narsa olmos boʻlmaganidek, mazmunan sayoz, badiiyat jihatidan oqsaydigan asarlar ham yoʻq emas. 

Kimgadir yaxshi kitob sovgʻa qilsangiz, demak, unga beminnat, dono maslahatgoʻy, sodiq doʻst hadya etibsiz. Zero, «Kitobxonlikda taʼtil boʻlmaydi», degan iborani hayotiy shioriga aylantirgan inson maʼnaviy yetuk, teran fikrlay oladigan, Vatani­ga sodiq, insofli, diyonatli va olijanob fazilatlar egasi boʻladi. 

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

«Postda» muxbiri.