Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

 Kitobdan yaxshiroq doʻst yoʻq jahonda,

Gʻamxoʻring boʻlgay u gʻamgin zamonda.

U bilan qol tanho, hech bermas ozor,

Joningga yuz rohat beradi takror.

Abdurahmon JOMIY.


Kitob bilimlar manbai ekanligi barchamizga ayon. Ayni paytda uning inson maʼnaviyatini oʻstirishdagi oʻrni ham beqiyos. Chinakam badiiy adabiyot namunalari kitobxonga oq-qorani, yaxshi-yomonni tanitadi, uning qalbiga ezgulik urugʻlarini ekadi, kishini hayot goʻzalliklaridan zavqlanishga oʻrgatadi. Zero, taniqli rus adiblaridan biri bejizga «Oʻzimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman», demagan.

Hozirgi kunda barcha hududlarda kitob yarmarkalari tashkil etilyapti. Aholi oʻrtasida milliy va jahon mumtoz adabiyotining yuksak namunalari targʻib qilinyapti. Eng faol kitobxonlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan tanlovlar oʻtkazilyapti. Buni ichki ishlar organlari tizimi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Lekin kishi aslida tanlovlarda gʻolib chiqib, mukofotlarni qoʻlga kiritish uchun emas, ruhiy olamini boyitish uchun kitob oʻqishi kerak. Badiiy asar mutolaasi insonning maʼnaviy ehtiyojiga aylanishi lozim.

Nafsilamrini aytganda, hali ham kitob oʻqish oʻrniga qimmatli vaqtini internet tarmogʻida behuda sovurayotgan yoshlar talaygina. Hatto kattalar orasida ham «oʻrgimchak toʻri»da rostu yolgʻon xabar ortidan quvadiganlar oz emas. Axir, oʻsha xabarlarning aksariyati kishi maʼnaviyatiga hech narsa bermaydi. Qaytanga asabingizni charchatgani, savodingizni pasaytirgani qoladi, xolos.

 

Kezi kelganda, badiiy saviyasi past asarlarni kitob holida chop etish hollari uchrab turganini ham qayd qilish kerak. Bunday kitoblar kitobxonlar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, ularning estetik didini oʻtmaslashtiradi. Shuning uchun ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida»gi qarorida mazmunan sayoz, milliy maʼnaviyatimizga va qadriyatlarimizga, axloq meʼyorlariga mos kelmaydigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan adabi­yotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish choralarini koʻrish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan edi.

Yaxshi kitoblarni oʻqigan insonlar gap-soʻzidan, xatti-harakatidan ham darhol bilinadi. Ular atrofidagilarda xushmuomalaligi, fikrining teranligi, mulohazakorligi bilan yoqimli taassurot qoldiradi. Boshqalar ular haqida «Oʻqimishli ekanligi, kitob oʻqiganligi shundoq koʻrinib turibdi», deyishadi.

Kitob oʻqishning ajib bir zavqi bor. Bu haqda akademik Akmal Saidov shunday degan edi: «Kitob — qalb chirogʻi, tafakkur qanoti. Ayniqsa, bosma kitobdan taralayotgan va elektron nashrdan topib boʻlmaydigan oʻziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida moʻjizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan koʻngil cheksiz zavqqa toʻlgan holda, kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikrlashishning huzur-halovati tamoman oʻzgachadir».

 

Taniqli munaqqid, adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov esa bir maqolasida kitobni insoniyat kashf etgan, yaratgan birinchi moʻjiza deya taʼriflagan edi. Darhaqiqat, kitob hamisha ilm-maʼrifat manbai boʻlib kelgan, ajdodlar zakosining bilimlarini avlodlarga yetkazgan. Bizning tezkor davrimizda ham yosh avlodni insonparvarlik, adolatparvarlik, milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda kitobdan koʻra taʼsirchanroq vosita yoʻq.

Shunday ekan, bu yorugʻ olamda kitobdan yaxshiroq sovgʻa yoʻq. U bamisoli oftob, bilimlar bulogʻi. Faqat kitobning sarasini tanlay bilish kerak. Chunki hamma yaltiraydigan narsa olmos boʻlmaganidek, mazmunan sayoz, badiyat jihatdan oqsaydigan asarlar ham koʻp. Kimgadir yaxshi kitob sovgʻa qilsangiz, demak unga beminnat, dono maslahatgoʻy, sodiq doʻst hadya etibsiz.

 

Xoʻsh, eslab koʻring-chi, bu orada yaqinlaringizdan kimga kitob tuhfa qildingiz? Oʻtgan yillar ichida yoki umuman umringizda bir paytlar bagʻrida oʻzingiz taʼlim-tarbiya olgan qadrdon maktabingizga hech boʻlmasa toʻrt-beshta kitob koʻtarib bordingizmi? Agar yoʻq desangiz, unda ezgulikning kechi boʻlmaydi. Xullas, avvalambor, oʻzingiz yaxshi kitobga oshno boʻling. Qolaversa, uni boshqalarga ham ilinishga shoshiling.

Bobomurod TOSHEV.