Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidan izchil borayotgan mamlakatimizda fuqarolarning davlat boshqaruvini amalga oshirishdagi ishtirokini va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal qilishlarini taʼminlovchi tashkiliy-huquqiy kafolatlar tizimini yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Zero, oʻzini oʻzi boshqarish tizimini rivojlantirish fuqarolik jamiyatini barpo etishning nafaqat sharti, balki muhim vositasidir.
Asosiy qonunimizning 32-moddasida fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligi, bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yoʻli bilan amalga oshirilishiga oid norma oʻz ifodasini topdi. Bosh qomusimizning 105-moddasida esa fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
Oʻzini oʻzi boshqarishning xalqimiz anʼanalari va qadriyatlariga juda xos boʻlgan usuli – mahallalar tizimi soʻnggi yillarda juda katta nufuzga ega boʻlib bormoqda. Mahallaning har qanday masalani yechishga qurbi yetadi. Nega deganda, eng adolatli muhit, eng adolatli ijtimoiy sharoit, vaziyat faqat mahallada boʻlishi mumkin.
Maʼlumki, islohotlarimizning muhim tamoyillaridan biri – aholining kam taʼminlangan tabaqasi, yaʼni, qariyalar, nogironlar, bolalarni muhofaza ostiga olish, ularni puxta himoyalashdir. Yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, ish bilan taʼminlanishiga har tomonlama yordam berish davlatimizning muqaddas burchidir. Bunday kerakli va savobli maqsadlarni amalga oshirishda aholining oʻzini oʻzi boshqarish tizimiga, bugungi hayotimizda katta ahamiyatga ega boʻlgan mahallalarga suyanib ish koʻrilmoqda.
Aholi osoyishtaligini taʼminlash va mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan tizim joriy qilish ishlari yanada jadallashtirildi. Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Jumladan, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilik sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolar bevosita joylarning oʻzida hal etilyapti.
Jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, tuman, shahar va mahallalar toifalarga ajratilib, hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda «jinoyat oʻchoqlari»ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalar jalb qilinmoqda. «Respublika — viloyat — tuman — mahalla» tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlari joriy etilgan.
Bosqichma-bosqich ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etilmoqda. Profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan oʻzaro tezkor muloqotni yoʻlga qoʻyish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beruvchi «Smart mahalla» axborot dasturi ishga tushirilgani esa nur ustiga aʼlo nur boʻldi.
«Smart mahalla» elektron dasturining afzalliklari shundaki, aholi mavjud muammolari boʻyicha uyidan turib, tun-u kun toʻgʻridan-toʻgʻri yashash joyi boʻyicha sektor rahbarlariga murojaat etishi, muammolarini bartaraf etgan sektor rahbarining faoliyatiga xolisona baho berish imkoniyatini yaratadi.
Maʼlumki, asrlar mobaynida mahallalarda koʻpdan-koʻp hayotiy muammolar oʻz yechimini topib keladi. Toʻy-maʼrakalar ham, hayit-u hasharlar ham mahalla ahlisiz oʻtmaydi. Mahallalarda siyosiy, iqtisodiy va boshqa masalalarga doir jamoatchilik fikri shakllanadi. Bu esa xalqimizning turmush tarzi, ota-bobolarimizdan bizga meros boʻlib kelayotgan tafakkur tarzidir. Binobarin, hayotning oʻzi mahallalarni rivojlantirish va ularni qoʻllab-quvvatlashni taqozo etmoqda.
Shu maʼnoda, «2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi»ning birinchi maqsadi etib, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish belgilandi.
Mamlakatimizda koʻp qirrali islohotlar amalga oshayotgan bir paytda mahalla jamiyat uchun ishonchli tayanch va taʼsirchan kuch boʻlib xizmat qilishi lozim. Biz fuqarolik jamiyatini qurishga intilmoqdamiz. Buning maʼnosi shuki, davlatchiligimiz rivojlana borgan sari boshqaruvning turli xil vazifalarini bevosita xalqqa topshirish, yaʼni oʻzini oʻzi boshqarish organlarini yanada rivojlantirish demakdir.
Mahalla odamlar oʻrtasidagi munosabatlarda yaxshi qoʻshnichilikni, hurmat va insonparvarlikni tarbiyalashda muhim rol oʻynaydi. U fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini himoya qiladi, aholining muhtoj qatlamlariga aniq yordam koʻrsatadi. Nodavlat va jamoat tashkilotlarining rivojlangan tizimi jamiyatda manfaatlar uygʻunligini qaror toptirish va mustahkamlashga xizmat qilishi lozim. Bu tizim davlat tuzilmalari faoliyatini muayyan maʼnoda toʻldirishi, ularga nisbatan maʼlum bir muvozanatni taʼminlovchi vosita vazifasini bajarishi kerak. Odamlarning siyosiy ongi, siyosiy madaniyati, siyosiy faolligi yuksalib borgani sari, davlat vazifalarini nodavlat tuzilmalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich oʻtkazib borish zarur. Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, joylarda jamoat xavfsizligini taʼminlash uchun oʻzini oʻzi boshqarish organlari, birinchi galda, mahallalarning rolini yanada oshirish zarur. Mahalla huquq tartibot organlarining aholi yashash joylarida sodir etilayotgan jinoyatlar va boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarni keltirib chiqarayotgan sabab va holatlarni aniqlash, ularni bartaraf etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.
Temir QURBON.
