Fargʻona viloyati yana bir katta maʼnaviy-maʼrifiy tadbirga mezbonlik qildi. Viloyatning barcha shahar-tumanlarida, ayniqsa, chekka mahallalarida “Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt” shiori ostida konsert dasturlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, ijodiy uchrashuvlar, eng sara filʼmlar namoyishi boʻlib oʻtdi.

30-maydan 6-iyungacha boʻlib oʻtgan tadbirlarda poytaxtdan kelgan 300 nafardan ziyod madaniyat, sanʼat namoyandalari, shoir va yozuvchilar, maʼnaviyat targʻibochilari ishtirok etdi.

Fargʻonaliklar azaldan madaniyat va sanʼatni qadrlashadi. Shu maʼnoda, elimiz suygan sanʼatkorlar va ijodkorlar bilan oʻtkazilayotgan gurunglar, uchrashuvlar barchaga koʻtarinki ruh bagʻishladi. Shuningdek, tadbir doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Kitob karvoni” tashkil etilib, besh mingdan ziyod kitoblar tuhfa qilindi.

“Kinokarvon” loyihasi doirasida mahallalarda kino sanʼatimizning 100 ta eng sara namunasi va soʻnggi yillarda tasvirga olingan filʼmlar namoyish etilib, kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Tadbirlarning tinch va osoyishta oʻtishiga ichki ishlar organlari xodimlari munosib hissa qoʻshishdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.