IIV Madaniyat saroyi Ashula va raqs ansambli jamoasi tomonidan Fargʻona viloyati boʻylab xayriya konsertlari namoyish etildi.
Fargʻona shahrida tashkil etilgan mazkur kechada ushbu hududda xizmat qilayotgan osoyishtalik posbonlari, ularning oila aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Vazirlik rahbariyati tashabbusi bilan har yili respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazilib kelinayotgan mazkur tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad ham xizmat paytida halok boʻlgan hamda nogiron boʻlib qolgan xodimlarning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kelajagimiz egalari boʻlmish yosh avlodni ona Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
Kontsert dasturi davomida halok boʻlgan xodimlarning xotirasi yodga olinib, ularning farzandlari va yaqinlariga viloyat IIB rahbariyati hamda ansambl jamoasi tomonidan sovgʻalar hadya qilindi.
Koʻtarinki ruhda oʻtgan mazkur kechada taniqli xonandalar vatanparvarlik, tinchlik, mehr-oqibat va muhabbatni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etishdi. Ichakuzdi latifalar esa, barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Bu kabi tadbirlar Qoʻqon shahri va olis Soʻx tumanida ham boʻlib oʻtdi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
