Fargʻonada 300 gektarlik maydonda Ekoshahar bunyod etilayotganidan koʻpchilikning xabari bor. Ushbu shaharda qurilayotgan osmonoʻpar binolarga yanada koʻrk berish uchun “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi tashkil etishga ham kirishildi.

 70 gektardan iborat ushbu bogʻning dastlabki 10 gektarida noyabrʼ oyining soʻnggi oʻn kunligida daraxt ekish tadbiri amalga oshirilgan boʻlsa, shu kunlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yana 29 gektar maydonga kashtan, dub, chinor, lola daraxti, katalʼpa kabi 16 turdan ziyod turli manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Bu jarayonda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda sektor rahbarlari ishtirok etib, 40 mingdan ziyod aholi uchun moʻljallangan Ekoshaharda amalga oshirilayotgan ishlar, daraxt ekish jarayonlarini koʻzdan kechirdilar.

Taʼkidlash zarurki, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi hududida viloyat hokimligi, huquq-tartibot va mudofaa organlari hamda turli tashkilotlar oʻz bogʻlarini bunyod qiladilar. Shu sababli har bir tizim rahbarlari bogʻning oʻzlariga ajratib berilgan qismiga yuqori kayfiyatda koʻchat ekdilar. Bu jarayonda viloyat ichki ishlar organlarinig bir guruh xodimlari ham faol ishtirok etishdi.

Qayd etish zarurki, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini yaratish ishtiyoqi fargʻonaliklarni yagona maqsad yoʻlida birlashtirdi. Nuroniy otaxonlar duoga qoʻl ochib, ezgu ishga qut-baraka, yangi bogʻning bunyodkorlariga kuch-quvvat tiladilar.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.