Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Bogʻbon umid bilan yerga nihol qadarkan, kun kelib, uning ulkan daraxtga aylanishi, totli mevasi, hatto soyasi bir muddat nafas rostlagan odamga naf keltirishini oʻylab koʻngli yorishadi, mehnatining samarasini koʻrganda esa mamnunlik tuyadi. Har bir oila oshyonida dunyoga kelgan farzandni navniholga qiyoslasak, uning tarbiyasi va taʼlimini eng muhim vazifa deb biluvchi ota-ona aynan bogʻbondir.
Faylasuf Imom Gʻazzoliy taʼkidlaganidek, «Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka oʻrgatilsa, shu bilan oʻsadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, muallimu ustozlari ham sherik boʻladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, oxir-oqibat halok boʻladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar boʻlganlarning gardaniga tushadi».
Oila tarbiya oʻchogʻi oʻlaroq, har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlovchi, milliy qadriyatlarning rivojini taʼminlovchi, maʼnan va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazuvchi muqaddas makondir.
Olimlarning jamiyatda tarbiya va taʼlim salohiyatini mustahkamlash, maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash borasidagi qarashlari bu yoʻnalishdagi ishlarning mohiyatini ochib berish barobarida, uni yanada takomillashtirishga chorlaydi. Xususan, yunon olimi Aristotelning «Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi» degan soʻzlari fikrimiz tasdigʻidir. Imom Buxoriy esa bu xususda yanada yorqinroq soʻz aytgan: «Bolaning tabiati rivojlanishga moyil boʻladi, uni qanday gʻoyalar bilan toʻldirish ota-ona va ustozga bogʻliq».
Maʼrifat maskani boʻlgan maktabga qadam qoʻyib, Alifboning har bir harfini tanigani sayin savodi chiqqan bola borki, unda kitobga mehr, bilim olishga ishtiyoq uygʻonadi. Uning yorugʻ olam haqidagi fikri, qarashlari va ongu tafakkuri shakllana boradi. Shu oʻrinda yurtimizda inson kamolotida beminnat mayoq sanalgan kitob, kitobxonlikka qaratilayotgan eʼtibor, avvalo, jamiyatda shaxs tarbiyasi va taʼlimining uygʻunligini taʼminlashdek muhim vazifaga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etishini ham taʼkidlash oʻrinlidir.
Soʻnggi yillarda yurtimizda 11 yillik maktab taʼlim tizimining tiklanishi, shuningdek, ulugʻ ajdodlarimiz – Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi taʼlim dargohlarining tashkil etilgani bugungi kun yoshlari uchun taʼlim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan Namanganda – Isʼhoqxon Ibrat, Jizzaxda – Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Qarshida – Abdulla Oripov, Margʻilonda – Erkin Vohidov, Nukusda – Ibroyim Yusupov, Andijonda – Muhammad Yusuf, Gulistonda – Halima Xudoyberdiyeva ijod maktablariga asos solinishi iqtidorli oʻquvchi yoshlar tanlagan yoʻnalishidagi bilim va koʻnikmalarni chuqur oʻzlashtirishi uchun ayni muddao boʻldi. Zero, sifatli taʼlim, chuqur bilim taraqqiyot tizginini yaqqol namoyon etuvchi koʻzgudir.
Maktablarda maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar yangicha asosda tashkil etilib, «Milliy gʻoya», «Odobnoma», «Dinlar tarixi», «Vatan tuygʻusi» kabi fanlari birlashtirilgan holda, yagona «Tarbiya» fani joriy etildi. Yangi fan bevosita oʻquvchi yoshlarda oʻz ona tilini bilish, ularning qalbida vatanparvarlik, adolat, millatparvarlik, insonparvarlik, el-yurtni himoya qilish, Vatanga sadoqat va muhabbat singari milliy dunyoqarashning asosiy unsurlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bugun inson oʻzining ongu tafakkuri mahsuli boʻlgan axborot texnologiyalari va ular taqdim etgan imkonlar bilan taraqqiyot yoʻlidan dadil ildamlamoqda. Bunda kerakli bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirish asosiy talablardan biridir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus doirasida shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarining tashkil etilgani bu borada oʻziga xos yechim boʻldi. Ayniqsa, ushbu markazlarda axborot texnologiyalari sohasida bugun nihoyatda talab yuqori boʻlgan loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat yoshlar, balki turli soha vakillarini axborot texnologiyalari bilimdoniga aylantirdi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda qator xalqaro oliy oʻquv yurtlarining filiallari ochildi. Bu bevosita yoshlarni tanlagan kasbi boʻyicha xalqaro miqyosdagi bilimlarni toʻlaqonli oʻzlashtirish imkonini berayotir. Shu oʻrinda mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish, 2030-yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilgʻor 50 mamlakat qatoridan joy egallash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini ham taʼkidlash joiz. Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida esa xuddi shu davrga borib, oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha PISA xalqaro dasturi reytingida Oʻzbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qoʻyilgan.
Bugun taʼlim jarayonlaridagi oʻziga xos yondashuv davlat hamda jamiyat ravnaqi yoʻlida yosh avlodning intellektual salohiyati, intilishi, shijoatini yuzaga chiqarishdek maqsad uchun xizmat qiladi. Bu borada taʼlim-tarbiyani zamon talablari asosida takomillashtirib borish yurtimiz ertasiga ishonch, barqaror rivojlanishning muhim omilidir. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston taʼlim-tarbiya, ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh boʻlishi shart.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
