Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy taʼbiri bilan aytganda, «Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir». Haqiqatan ham, shunday. Borliqqa koʻzlarida hayrat va har bir nuqtaga soʻroq bilan boqqan farzandlarimiz ilk saboqni maktabda oladi. Alifbodagi har harfni oʻzlashtirgani sayin ularning ong-u tafakkuri oʻsib boradi. Demak, har bir bilim ufqi keng shaxsning ilm poydevoriga birinchi gʻisht maktabda qoʻyiladi. Binobarin, bu asos mustahkam boʻlishi zarur.
Taʼkidlash joizki, bunda oʻquvchining ilmga chanqoqligi, tirishqoqligi, ota-ona va oʻqituvchining oʻzaro hammaslakligi, jonkuyarligi hamda masʼuliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu jarayonlarni oʻqituvchining salohiyati, taʼlim muassasasidagi shart-sharoit, talablar ham bevosita toʻldiradi. Biroq bugun yurtimiz taʼlim tizimidagi baʼzi muammolar, xususan, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi zamon talablariga javob bermasligini inkor etib boʻlmaydi.
Xoʻsh, bunday sharoitda nima qilish kerak? Masalaning mushohadatalab jihati ham shunda. Va bunday vaziyatda oʻz-oʻzidan bilim olish, kasb-hunar egallashning qoʻshimcha usullari yuzaga keladi va ularga jamoatchilikda ehtiyoj ortadi. Ota-onalar farzandining tanlagan mutaxassisligini oʻqib-oʻrganishi, yetuk va barkamol shaxs sifatida jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun qoʻshimcha darslarga beradi. Hozirda taʼlim jarayonlarida bu talablar – oʻquv markazi, repetitor soʻzlari bilan tilimizga oʻrnashgan. Oʻquvchi-yoshlarning oʻzaro suhbatlarida «Repetitor topdingmi? Qaysi oʻquv markaziga qatnayapsan?» qabilidagi gap-soʻzlari tez-tez qulogʻimizga chalinishi bor gap. Toʻgʻrirogʻi, tanlagan yoʻnalishi boʻyicha oliy oʻquv yurtida taʼlim olishni istagan oʻquvchi-yoshlar ota-onasining iqtisodiy imkoniyatlariga qarab, albatta, vaqtini rejalashtirib, repetitorga boradi. Kirish imtihonlariga alohida oʻqituvchi yordamida tayyorlanadi. Bu yaxshi, ammo bugun ayrimlarning «Maktabda oʻqish yoʻq, repetitorga bor» qabilidagi kinoyali soʻzlari bilan masalani notoʻgʻri talqin qilishi, maktab taʼlimini inkor etishi ham achchiq haqiqat.
Shu oʻrinda tanganing ikkinchi tomoni haqida ikki ogʻiz soʻz. Ayni paytda repetitordan nafaqat oliy oʻquv yurtiga tayyorlanish uchun, balki farzandining oʻzlashtirishda oqsayotganini sezgan ota-onalar maktab darslari bilan parallel ravishda foydalanayotganini ham aytib oʻtishimiz kerak. Demak, bu faoliyat turining kengayishiga qaysidir maʼnoda taʼlim jarayonidagi baʼzi kamchiliklargina emas, ota-onalarning farzandining, kezi kelganda, tantiligi, dangasaligi, uquvsizligiga chek qoʻyish maqsadida tashabbus koʻrsatib, bolasini oʻquv markazlari, tajribali ustozlarga yetaklashi ham sabab boʻlyapti.
Bunda yana bir mushohadatalab jihat. Yaʼni, unutmang, maktab dasturini yaxshi oʻzlashtirmagan oʻquvchini eng kuchli repetitor ham oliy oʻquv yurtiga kiradigan darajada tayyorlay olmaydi. Oʻquvchi repetitorga davlat taʼlim standartida koʻrsatilgan bilimni olib, keyin borgani durust. Chunki fanlar oʻzaro bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Oʻquvchi faqatgina bitta fanni yaxshi oʻzlashtirgan bilan hech narsaga erisha olmaydi. Qolaversa, repetitorning vazifasi miyasi boʻm-boʻsh bolaga alifbodan boshlab savod oʻrgatish emas, repetitor – oʻquvchining maktabda olgan ilmini kengaytirib, bevosita mutaxassislikka oid fanlar boʻyicha chuqurlashtirilgan bilim beradi. Demak, maktabda egallangan bilim inson kamolotida hamisha asos, poydevor vazifasini oʻtaydi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak maʼnaviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida taʼlim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil 12-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida»gi farmon va «Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorning imzolanishi sohadagi islohotlarning huquqiy-meʼyoriy asoslarini mustahkamlash barobarida, sohadagi yangilanishlarga dasturulamal vazifasini oʻtaydi.
Ushbu rivojlantirish dasturida xalqaro tajribani oʻrgangan holda, zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirish, rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish, bola taʼlim-tarbiyasida oila, ayniqsa, ota-onaning rolini oshirish, oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasblarga yoʻnaltirish tizimini takomillashtirish, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning xalq taʼlimi tizimiga integratsiyasini kuchaytirish hamda inklyuziv taʼlim jarayonlarini jadallashtirish, sohada elektron davlat xizmatlari koʻlamini kengaytirish, zamonaviy modellar boʻyicha maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash hamda zarur jihozlar bilan taʼminlash singari yurtimizda maktab taʼlimini yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qiluvchi yoʻnalishlar belgilab qoʻyilgan.
Keyingi yillarda ota-onalar va keng jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab taʼlimi tizimi tiklandi. Ulugʻ allomalarimiz – Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Isʼhoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi taʼlim maskanlari tashkil etildi. Bu yurtimiz farzandlari uchun taʼlim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochib berayotir.
Sirasini aytganda, yurtimizda maktab taʼlimini rivojlantirish yoʻlida muhim qadamlar tashlandi. Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, «taʼlim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʻq.
Qanchalik murakkab boʻlmasin, maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak...
Agar kimda-kim maktab bu faqat Xalq taʼlimi vazirligining ishi, deb oʻylasa, mutlaqo yanglishadi.
Maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi boʻlishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin».
Sohadagi bu islohotlar zamirida mamlakatimizning taqdiri va farzandlarimizning kelajagi yotibdi. Bunda jarayonlarni tobora ichiga kirib, chuqurroq oʻrganib, tahlil qilsak, farzandlarimiz taʼlimida maktab va repetitorning bir-birini inkor etmagan ijobiy, samarali tomonlari yanada yaqqol koʻzga tashlanadi.
Xulosa shuki, har jihatdan yetuk shaxs kamolotida taʼlimning har qanday koʻrinishi oʻz oʻrnida suv va havodek zarur va bir-birini toʻldirib boradi.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
