Margʻilon shahar IIBda soha faxriylari va yosh xodimlar oʻrtasida hamkorlikni yanada yaxshilash, “ustoz-shogird” anʼanasini namunali yoʻlga qoʻyish maqsadida uchrashuv va muloqotlar oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan.
Shu maqsadda tashkil qilingan navbatdagi tadbirda Fargʻona viloyati IIB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Ibragim Ismoilov, viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Arabboy Usmonov hamda tizimda koʻp yillar ishlab, boy amaliy tajriba toʻplagan 20 nafardan ziyod faxriy ishtirok etdi.
Faxriylar kasbga sadoqat, xizmat intizomiga rioya etish, fuqarolar bilan muomala madaniyati, halollik va hamjihatlik tushunchalari haqida soʻz yuritishdi. Bu oʻgitlardan yosh xodimlar katta maʼnaviy oziqa olishdi.
Tadbir davomida Margʻilon shahar IIB tarixi va bugungi kunini aks ettiruvchi kitobning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv yakunida yosh xodimlarni tarbiyalashda oʻz maslahat va yordamini ayamay kelayotgan ustozlarga minnatdorlik bildirildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
