Yangi yil bayrami arafasida Fargʻona viloyati IIB Faxriylar kengashi raisi, uning aʼzolari, viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi hamda bir guruh yosh xodimlar isteʼfodagi podpolkovnik Boʻriboy Omonzodani tavallud ayyomi bilan tabriklash va ehtirom koʻrsatish uchun ishxonasiga bordilar.

Koʻpchilik Boʻriboy Omonzodani qalami oʻtkir jurnalist sifatida yaxshi tanishadi. U uzoq yillar Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida matbuot xizmati rahbari, kadrlar xizmatida masʼul lavozimlarda ishlagan, yuzlab shogirdlarni tarbiyalagan.

Ayni paytda pensiyaga chiqqan boʻlsa-da, el-yurt xizmatidan toʻxtagani yoʻq. AOKA Fargʻona viloyati boshqarmasida boʻlim boshligʻi vazifasida faoliyat koʻrsatmoqda.

Shu kuni ustoz jurnalistga IIV Faxriylar kengashi tomonidan taʼsis etilgan “Ichki ishlar faxriysi” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Viloyat IIB rahbariyatining tabrigi oʻqib eshittirildi.

Bunday eʼtibor, hamkasblar va shogirdlar ehtiromidan faxriyning boshi koʻkka yetdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.