Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Bugun globallashayotgan dunyoda geosiyosat davlatlararo aloqalarga, oʻz navbatida, xalqaro munosabatlarga sezilarli taʼsir oʻtkazmoqda. Har bir davlat xalqaro munosabatlarda oʻz manfaatlari ustuvorligiga erishish maqsadida barcha imkoniyatlarini ishga solishga, kuch-qudratidan foydalanishga harakat qilmoqda. Geosiyosiy manfaatlar toʻqnashuvi va mafkuraviy kurash kuchaygan hozirgi paytda kelgusida millatlar, xalqlar, davlatlar, umuman, insoniyat jamiyatining taqdiri qanday boʻladi, degan savol gʻoyat dolzarb boʻlib turibdi.
Tarixning dalolat berishicha, yirik davlatlar, ular tomonidan barpo etilgan imperiyalar, strategik maqsadlar yoʻlida birlashgan davlatlar ittifoqlari, turli kuchlar xalqaro munosabatlar va dunyo siyosatining asosiy tamoyillarini belgilab bergan va belgilab bermoqda. Ayni shu davlatlar hozirda ham bevosita yoki bilvosita oʻz soʻzini boshqa davlatlarga oʻtkazmoqda, jahonning geosiyosiy xaritasi qanday koʻrinish kasb etishida ularning oʻrni katta boʻlmoqda. Mavjud boyliklarni, xomashyo resurslarini taqsimlash, jahon miqyosida tovarlar va xizmatlar narxini belgilashda asosiy vazifani hal etmoqda. Boshqacha aytganda, gegemonlikni daʼvo qilayotgan bu davlatlar shu tariqa yashash va yurish-turish qoidalarini belgilab bermoqda.
Siyosatshunoslarning fikricha, davlatlar xalqaro jarayonlarga taʼsir kuchi va xalqaro munosabatlardagi roliga koʻra, quyidagi guruhlarga ajratiladi:
– ulkan davlatlar. Yer kurrasida geosiyosiy manfaatlari yoʻlida yetarli harbiy, iqtisodiy va maʼnaviy qudratga ega boʻlgan, boshqalardan oʻzi va ittifoqchilari manfaatlarini hisobga olishni talab qiladigan va bunga erishadigan mamlakatga nisbatan «ulkan davlat» tushunchasi qoʻllaniladi. Bir vaqtlar tarixda Rim, Vizantiya, Britaniya imperiyalari, sobiq Ittifoq va AQSH shunday rolni oʻynagan;
– yirik davlatlar. Oʻzining va jahonning boshqa muhim mintaqalarida (lekin butun jahonda emas) milliy manfaatlarini taʼminlashga qodir boʻlgan, boshqa mamlakatlarni oʻzi bilan hisoblashishga majbur qila oladigan davlatlar shular jumlasidan;
– mintaqaviy davlatlar. Oʻz mamlakati va mintaqasida, shuningdek, chegara hududlarida oʻz manfaatlarini taʼminlash va himoya etishga qodir mamlakatlar shu guruhga kiradi;
– oddiy davlatlar: bu mamlakatlarning har biri davlat ichida, mintaqa va jahonda oʻz milliy manfaatlarini kuchlari yetgani qadar taʼminlay oladi.
Tan olish kerakki, hozirgi vaqtda jahonda bironta davlat yoki davlatlar birlashmasi AQSH boshchiligidagi Gʻarbnikidek qudrat va taʼsir kuchiga ega emas. Albatta, bu bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi, degani emas. Tadqiqotchilar garchi Qoʻshma Shtatlar jahonning yagona ulkan davlati boʻlib qolishga urinayotgan boʻlsa-da, geosiyosiy vaziyat oʻzgaruvchan, beqaror va murakkabligicha qolayotganini taʼkidlashadi. Chunki uning jahon gegemonligiga intilishi borgan sari Xitoy, Rossiya, Yaponiya va boshqa shu kabi davlatlarning jiddiy qarshiligiga duch kelmoqda. Chunonchi, Xitoy oʻz harbiy-iqtisodiy qudrati va hozirgi vaqtda jahonda kechayotgan geosiyosiy jarayonlarga taʼsir kuchi nuqtai nazaridan yaqin oʻn-oʻn besh yil ichida bir qutbli jahon siyosatiga qarshi chiqish imkoniga ega boʻladi. Taxminlarga qaraganda, yaqin yillarda Chin yurtining harbiy qudrati AQSHnikiga tenglashadi va hatto baʼzi oʻlchamlariga koʻra, undan oʻtib ham ketadi.
Dunyoga yakkahokimlik qilish daʼvosida boʻlgan yirik davlatlar, turli kuchlarning taʼsiri, boshqacha aytganda, geosiyosiy manfaatlar toʻqnashuvi oʻtgan asrda boʻlgani kabi, soʻnggi yuz yillik boshlarida ham yaqqol sezildi. Dunyoning qator davlatlarida, xususan, Yaqin Sharq va arab mamlakatlarida roʻy bergan oʻzgarishlar, davlat toʻntarishlari buning yaqqol tasdigʻi sifatida yuzaga chiqdi. Oqibatda Iroq, Suriya, Liviya kabi katta iqtisodiy salohiyat va xomashyo manbalariga ega mamlakatlar ayni vaqtda chuqur tanazzulni boshidan kechirmoqda. Xalqaro valyuta fondi maʼlumotlariga koʻra, turli toʻqnashuvlar natijasida arab mamlakatlari iqtisodiyoti 2011–2014-yillar oraligʻida 800 milliard AQSH dollari miqdorida zarar koʻrgan. Qonli fojialar tufayli ushbu davlatlar yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼatlari keskin pasaygan, ishsizlik darajasi deyarli ommaviy tus olgan, aholi ogʻir ijtimoiy holatga tushib qolgan.
Xuddi shuningdek, bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatining xavotiri va eʼtiroziga sabab boʻlgan Ukrainadagi holatni ham, aslida, yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari toʻqnashuvi hosilasi, deyish mumkin. Rossiya Federatsiyasi va kollektiv Gʻarb kelishmovchiligi ortidan kelib chiqqan urush oqibatlaridan nafaqat ushbu mintaqa, balki jahondagi koʻplab mamlakatlar xalqlari ham jabr koʻrishi esa gʻoyat afsuslanarli, albatta.
Bugungi kunda iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, mafkuraviy-axborot va boshqa usullar orqali oʻzga hududlarni taʼsir doirasiga olish amaliyoti keng qoʻllanilmoqda. Bunda, shubhasiz, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining izchil taraqqiyoti, ayniqsa, mafkuraviy kurash natijadorligini oshirmoqda. Ayni chogʻda turli geosiyosiy maqsadlarga boʻysundirilgan kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalari koʻpayib bormoqda. Boshqacha aytganda, zamonaviy axborot vositalaridan foydalanadigan har qanday kishi qisqa vaqt ichida jahonning istalgan bir nuqtasida oʻzini qiziqtirayotgan hodisalarga shohid boʻlishi va hatto uning qatnashchisiga aylanishi mumkin.
Maʼlumotlarga qaraganda, dunyoning eng yirik axborot imperiyalari oʻz tarkibiga kiruvchi oʻnlab telekanallar, gazetalar, jurnallar, internet media tarmoqlari vositasida axborotni jahonning istalgan nuqtasiga bir zumda yetkazish va shu yoʻl bilan jamoatchilik fikrini kerakli yoʻsinda shakllantirish va oʻzgartirish borasida nihoyatda katta imkoniyatga ega.
Bundan bir asr muqaddam taniqli nemis olimi Karl Xausxofer gʻoyalari eng kuchli boʻlgan millatlar va davlatlar oʻz maqsadlari, qadriyatlarini Yer kurrasining «kelajak hayot shakli» koʻrinishida boshqa makonlarga yoyadi, deb yozgan edi. Bu bashorat XXI asr boshida oʻzini tamomila oqladi, deyish mumkin.
Xulosa shuki, keskin kurash va manfaatlar toʻqnashuvi kuchayib, milliy oʻzlik va maʼnaviy qadriyatlarga qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan bugungi davr har birimizdan oqillik, hushyorlik va faollikni talab qiladi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek: «Hozirgi zamonda maʼnaviy nuqtai nazardan «uxlab yotish»ga, loqayd boʻlishga hech kimning haqqi yoʻq. Barcha fojia va muammolar, Vatanga, millatga, kelajakka xiyonat aynan loqaydlikdan boshlanadi. Yana bir bor aytaman, dunyodagi qaltis vaziyat, siyosiy «oʻyin»lar barchamizni sergaklikka undashi kerak. Jahonda kechayotgan geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni chuqur tahlil qilib, ulardan xulosa chiqargan holda, yoʻlimizni toʻgʻri tanlashimiz zarur».
Kamol OLLOYOROV,
«Postda» muxbiri.
