Buxoroi sharif bagʻridagi Gʻijduvon tumani muqaddas qadamjo sifatida eʼtirof etib kelinadi. Ayniqsa, “Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy” ziyoratgohida sayyohlarning yil sayin koʻpayib borayotgani fikrimiz isbotidir. Qoʻrgʻon mahallasi tarixi va ayni kunda olib borilayotgan ishlar, keyingi ikki yil ichida qayta rekonstruksiya va restavratsiya qilingan XIX asrga oid 3 ta masjid hamda XVI asr obidasi Tosh hammom sayyohlarda juda katta taassurot qoldiradi. Gʻijduvon qoʻrgʻoni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilmoqda. Ayni paytda turizm mahallasini barpo etish uchun tanlangan hududda qurilish-taʼmirlash ishlari davom ettirilmoqda. 

Shuningdek, Xalqaro ekspertlar hamda Oʻzbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti boshchiligida XIX asrga oid Bozori qaymoq, Boloyi qassobon, Boborahimboy masjidlari va XVI asrga oid Eski tosh hammom kabi qadimiy obʼektlardagi qayta taʼmirlash va tiklash ishlari yakunlanib, mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar tashrifiga tayyorlandi.

Qisqasi, yaqin kunlarda Gʻijduvon tumani tubdan koʻrkamlashib, sayyohlar shahriga aylanajak. 

Gʻijduvon tuman hokimligi matbuot xizmati.