Global tahdidning
milliy koʻrinishi
Uzoq yillar davomida Afgʻoniston dunyodagi asosiy narkotik vositalar ishlab chiqarish markazlaridan biri boʻlib kelgani Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston uchun ham muayyan xavf-xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Mamlakatimizning qulay geografik joylashuvi ayrim jinoiy tuzilmalar tomonidan uni narkotik vositalarni tashish yoʻnalishi yoki istiqbolli isteʼmol bozori sifatida koʻrishga urinishlariga sabab boʻlmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi tashkilotlar tomonidan keng qamrovli profilaktik, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Narkojinoyatchilikka qarshi kurashish, uning manbalari va tarqalish kanallarini bartaraf etish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida giyohvandlikning oldini olish boʻyicha har kuni tizimli va murosasiz ishlar olib borilmoqda. Bu esa mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda kelajak avlodni turli zararli illatlardan asrashga xizmat qilmoqda.
Narkojinoyatchilikning yangi qiyofasi
Soʻnggi yillarda narkojinoyatchilik shakl va usul jihatidan sezilarli darajada oʻzgarib, zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanish bosqichiga oʻtdi. Ilgari giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi asosan jinoyatchilar va xaridorlar oʻrtasidagi bevosita muloqot orqali amalga oshirilgan boʻlsa, bugungi kunda raqamli texnologiyalar narkobiznesning asosiy vositalaridan biriga aylanmoqda.
Internet tarmoqlari, ijtimoiy platformalar, anonim messenjerlar va elektron toʻlov tizimlaridan foydalangan holda tashkil etilayotgan narkasavdo huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yangi va murakkab vazifalarni qoʻymoqda. Jinoyatchilar zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib, oʻz faoliyatini yashirish va javobgarlikdan qochishga urinmoqda.
Yoshlar – eng katta xavf ostidagi qatlam
Soʻnggi yillarda yoshlar oʻrtasida narkojinoyatlarga aralashish holatlari kuzatilayotgani jiddiy tashvish uygʻotmoqda. Bunday holatlarga huquqiy bilim va koʻnikmalarning yetarli emasligi, internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan yolgʻon va chalgʻituvchi axborotlar, yengil hayot kechirish va tez boyish haqidagi asossiz tasavvurlar, shuningdek, ayrim hollarda oilaviy nazoratning sustligi kabi omillar sabab boʻlmoqda.
Narkobiznes vakillari yoshlarni asosiy nishon sifatida tanlayotgani ham bejiz emas. Chunki yoshlar axborot texnologiyalaridan faol foydalanadi, ijtimoiy tarmoqlarda koʻp vaqt oʻtkazadi va baʼzan oʻz harakatlarining huquqiy hamda ijtimoiy oqibatlarini toʻliq baholay olmaydi. Jinoiy guruhlar aynan shu holatdan foydalanib, ularni turli vaʼdalar va moliyaviy manfaatlar bilan oʻz domiga tortishga harakat qiladi.
yangi asr vabosi
Bugungi kunda mutaxassislar tomonidan jiddiy xavotir bilan qayd etilayotgan muammolardan biri sintetik giyohvandlik vositalarining tobora keng tarqalayotganidir. Mazkur moddalar oʻzining yuqori taʼsirchanligi va inson salomatligi uchun oʻta xavfli oqibatlari bilan ajralib turadi.
Sintetik giyohvandlik vositalari tabiiy narkotik moddalarga nisbatan bir qator jihatlari bilan xavfli hisoblanadi. Ularning inson organizmiga taʼsir kuchi yuqori boʻlib, qisqa vaqt ichida kuchli ruhiy va jismoniy qaramlikni shakllantirishi mumkin.
Tibbiy kuzatuvlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim sintetik giyohvandlik vositalarini hatto qisqa muddat yoki bir necha marta isteʼmol qilishning oʻzi ham ogʻir ruhiy buzilishlar, asab tizimi faoliyatining izdan chiqishi, xulq-atvordagi salbiy oʻzgarishlar hamda hayot uchun xavfli holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ayrim holatlarda esa bu kabi moddalar nogironlik yoki oʻlimga ham sabab boʻladi.
Muammoning yana bir xavfli jihati shundaki, koʻplab yoshlar sintetik giyohvandlik vositalarining haqiqiy mohiyati va oqibatlari haqida yetarli maʼlumotga ega emas. Turli nomlar, tashqi koʻrinishlar va jozibador taʼriflar ostida tarqatiladigan bunday moddalar ayrim hollarda giyohvandlik vositasi sifatida ham qabul qilinmaydi. Natijada ularning inson organizmi va ruhiyatiga yetkazadigan ogʻir zarari kech anglanadi.
Millat genofondi himoyasi – ustuvor vazifa
Mamlakatimizda aholi salomatligi va millat genofondini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan Prezidentimizning 2025-yil 3-noyabrdagi «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni tarixiy ahamiyatga ega hujjat boʻldi.
Farmonda giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy va kompleks mexanizmlari belgilanib, aholi, ayniqsa, yoshlarni giyohvandlik taʼsiridan muhofaza qilish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda davlat organlari faoliyatining oʻzaro hamkorligini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar nazarda tutilgan.
Hujjatda internet tarmoqlari orqali tashkil etilayotgan uyushgan narkojinoyatlarga qarshi samarali kurashish, yashirin narkolaboratoriyalarni aniqlash va bartaraf etish, transmilliy narkokanallar faoliyatiga chek qoʻyish hamda yoshlarni jinoiy guruhlar taʼsiridan himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bu esa mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasida qatʼiy nazoratga olinganini, aholi salomatligi va kelajak avlod manfaatlarini himoya qilish borasida izchil choralar amalga oshirilayotganini yaqqol namoyon etadi.
Raqamlar ortidagi
haqiqat
Joriy yilning dastalabki 5 oyi davomida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 7 262 ta jinoyat aniqlandi. Noqonuniy aylanmadan 2 tonna
328 kilogramdan ortiq giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar musodara qilindi. Shundan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining oʻzi 2,5 million donadan oshdi. 15 ta narkolaboratoriya va qoʻlda qadoqlash sexlarining noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi. Shuningdek, internet tarmoqlari orqali faoliyat yuritgan bir qator jinoiy guruhlar fosh etildi, minglab fuqarolarning giyohvandlik domiga tushib qolishining oldi olindi.
Ushbu raqamlar ortida qanchadan-qancha inson taqdiri, oilalar tinchligi va yoshlar kelajagi turganini unutmasligimiz kerak.
Katta masʼuliyat
Illatga qarshi kurashishni faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan chambarchas bogʻlab boʻlmaydi. Bu borada, avvalo, ota-onalar, taʼlim muassasalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi. Yosh avlodni sogʻlom turmush tarzi ruhida tarbiyalash, ularda mustahkam hayotiy pozitsiya va huquqiy ongni shakllantirish giyohvandlikning oldini olishning eng samarali vositalaridan hisoblanadi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, har bir pedagog, mahalla faoli va fuqaro jamiyat kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashab, giyohvandlikka qarshi kurashning faol ishtirokchisiga aylanishi lozim. Chunki mazkur illatga qarshi kurash faqat davlat organlarining emas, balki har birimizdan faol fuqarolik pozitsiyasi va yuksak masʼuliyatni talab etadi.
Uchqun ISMAILOV,
IIV TQD JQX boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik.
