Yangidan-yangi tashabbus, gʻoyalarni ilgari surish, zamonaviy ish yuritish uslublarini joriy qilishda aynan shu qatlamning nuqtayi nazari, saʼy-harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Hozirda mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻprogʻini yoshlar tashkil etadi. Ayni davrda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni jadallashtirish, taʼlim-tarbiya sohasini isloh etish, yoshlarimizni zamonaviy bilimlarni puxta egallagan yuksak aql-zakovat sohibi etib voyaga yetkazish davlatimizning ustuvor vazifalaridan biridir. Biroq xalqimizning oʻziga xos va mos milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya borasidagi azaliy anʼanalariga, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga «ommaviy madaniyat», mentalitetimizga yot gʻoya va qarashlar soya solayotgani ham hech birimizga sir emas. Ushbu jarayonda tarbiya masalasiga oʻz vaqtida jiddiy eʼtibor qaratish, bu borada maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir» degan purmaʼno soʻzlarini aslo unutmasligimiz lozim. 

Xoʻsh, bugun ertangi kunimiz egalarining odob-axloqi, bilim va salohiyati, maʼnaviyati, bir soʻz bilan aytganda, tarbiyasidan koʻnglimiz toʻlyaptimi? 

Tan olish kerakki, bugungi globallashuv jarayoni mentalitetimizga yot gʻoyalar, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi rang-barang koʻngilochar shou-tomoshalar, oʻyinlar, bir soʻz bilan aytganda, turli «mahsulot»lar yurtimizga ommaviy tarzda kirib kelayotgani bor gap. Bunda yana bir ochiq va achchiq haqiqat shuki, hozirda aksariyat yoshlarimizning boʻsh qoldi deguncha, darrov qoʻl telefoni bilan mashgʻul boʻlishi odatiy holga aylanib qoldi. Qandaydir oʻyin oʻynaydi, qoʻshiq eshitadi, film tomosha qiladi, ijtimoiy tarmoqlardagi turli-tuman maʼlumotlar bilan tanishadi. Toʻgʻri, buning yomon tomoni yoʻq. 

Tan olishimiz kerak, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ayniqsa, internet taraqqiyot darajamizni bir necha pogʻonaga koʻtardi, uzogʻimizni yaqin, ishimizni yengil qildi. Lekin yoshlarimizning uyali telefonga asir boʻlib borayotgani, internet va ijtimoiy tarmoqlardan, ulardagi maʼlumotlardan oqilona foydalanishlari borasida jiddiy oʻylab koʻrishimiz kerak boʻlgan jihatlar talaygina. Bu, eng avvalo, ularning salomatligiga, maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda internet tarmoqlarida aldov va gʻarazli maqsadlar yoʻlida tarqatilayotgan turli axborot va maʼlumotlar domiga yoshlar osongina kirib ketmoqda. Natijada oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata olmay, kimlarningdir qurboniga aylanayotir. 

Yoshlarimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda yurish-turish odobi, muloqot va kiyinish madaniyatida meʼyorni saqlay bilish koʻnikmasini hosil qilish uchun milliylik bilan zamonaviylik uygʻunligini taʼminlashimiz shart. Bu borada ijobiy natijaga erishish uchun nafaqat pedagoglar, huquq-tartibot idoralari, yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar, balki keng jamoatchilik hamkorlikda ish olib borishi, xususan, tushuntirish va targʻibot ishlarini kuchaytirish lozim. Ayniqsa, mahallalarda, har bir oilada ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, ota-onaning farzand tarbiyasiga, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga boʻlgan eʼtibori va masʼuliyatini oshirish, oʻsib kelayotgan avlod ong-u shuurida hech qanday gʻoyaviy boʻshliqqa joy qoldirmaslikka alohida eʼtibor qaratish kerak. 

Shu oʻrinda bugun xalqaro miqyosda ilm-fan, axborot-texnologiyalari, madaniyat, sport va boshqa sohalarda oʻzining noyob iqtidor va salohiyatini namoyon etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritayotgan yoshlarimizni millat faxri, ibrat namunasi sifatida tengdoshlariga oʻrnak qilib koʻrsatish, ularga havas bilan boqqan minglab koʻzlarda ishtiyoq uygʻotish ham bir muhim omildir. Ayni globallashuv davrida yoshlarning maʼnaviyati ularning oldiga qoʻygan va qoʻyayotgan maqsadlari sari puxta yoʻnaltirilganiga bogʻliq. Bunda idrok koʻnikmalarini hosil qilish, inson tugʻilganidan to shaxs sifatida shakllangunicha davom etishini inobatga olsak, mafkuraviy immunitet nihoyatda muhim jihat. 

Zotan, koʻp kitob oʻqigan, oʻz tarixini bilgan, millati qadriyatlarini qadrlagan yoshlarning axborot oqimlari taʼsiriga tushib qolish ehtimoli kam boʻladi. Zotan, Yangi Oʻzbekistonda nafaqat taʼlim tizimi, balki barcha sohalarda zukko, yetuk va zamon bilan hamnafas yosh avlodni tarbiyalashdek ezgu anʼana zamirida aynan shu muddao mujassam. 

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA.