Eʼtibor qilinsa, ajdodlarimizning barchasi halollik haqida gapirgan va ana shu aqidaga rioya etganlar. Gazetxonlarga ota-bobolarimizning halollik haqidagi oʻgitlaridan misollar keltirishga hojat yoʻq, deb hisoblayman. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda bunday naqllarni berib «layk» yigʻayotganlarning sanab adogʻiga yetolmaysan, kishi.

«Halol»ning antonimi, yaʼni zidi «harom» sanaladi. Koʻpchilik «Haromdan hazar qilaman», deydi. Shuning uchun ham jamiyatda haromxoʻrlik – birovning haqqini yeyish, pora olish kabi illatlarga qarshi murosasiz kurash olib boril­moqda. Baʼzida haromxoʻrlik tugʻma illat emasmikin, deb oʻylab qolaman. Negaki, duppa-durust, ilmli, madaniyatli rahbarlar davlatning yoki oʻzganing mulkiga xiyonat qilishadi. Garchi, ijtimoiy muhitga ibrat nihoyatda zarur boʻlsa-da, ilmli, halol kishilarning kam boʻlishi jamiyatga naf keltirmaydi.

Shuni unutmaslik lozimki, halol kishilarga hasad qiluvchilar koʻp boʻladi. Halollik jamiyatning, aniqrogʻi, mintaqa aholisining turmush tarziga aylanmaguncha, bu borada barqarorlikka erisha olmaymiz. Ayrim davlatlar, jumladan, Yapo­niya va Singapur tajribasi fikrimizga isbot.

Xoʻsh, buning uchun nima qilish kerak? Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatidan ushbu savolga batafsil javob topish mumkin. Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida jamiyatda «halollik vaksinasi» yaratilishi lozimligini taʼkidlagandi. Bu vaksina bitta idora yoki bir kasb egalari bilan emas, balki jamiyat tomonidan shakllantiriladi.

Aytaylik, yengil mashinada ketayotib turli yoʻl belgilariga duch kelasiz va undan turli tezlikda oʻtasiz. Svetoforning qizil chirogʻi yonsa, albatta, toʻxtaysiz. Lekin halollik maydonida hech qanday belgi yoki koʻrsatkich yoʻq. Halollik mamlakatning har bir burchagida bab-baravar, kecha-yu kunduz amal qilinishi lozim boʻlgan qoida.

Nozikligi shundaki, u nimadandir qoʻrquv asosida emas, balki har bir kishida ehtiyoj, koʻnikma sifatida namoyon boʻlishi shart. Koʻnikma va ehtiyoj, tabiiyki, bolalikdan, oila muhitida shakllanadi. Chunki pola­pon uyasida koʻrganini qiladi.

Komil ishonch bilan aytish mumkinki, bizda bu «halollik vaksinasi»ga xizmat qiluvchi tizimning poydevori qoʻyildi. 

Birinchidan, har jabhada raqamlashtirish jadal boryapti. Xulosalar, reytinglar inson omilisiz chiqarilyapti. 

Ikkinchidan, oshkoralik yangi bosqichga oʻtdi. Bugun rahbarlar faoliyatiga jamoatchilik baho bera­yapti va bu baholar davlat tomonidan inobatga olinyapti. Huquq-tartibot idoralariga ishga olishda nomzodning maʼnaviy saviyasi sinab koʻrila­yapti. 

Uchinchidan, sohalardagi byurokratik toʻsiqlar qonun yoʻli bilan barham topyapti.

Toʻrtinchidan, xalq vakili boʻlgan deputatlar va mahalla vakolati kengaytirildi. Jumladan, «Tashabbusli byudjet» aholining faolligi va nazoratiga imkon yaratdi. Ijro hokimi­yati idoralari rahbarlari mahalliy Kengash va jamoatchilikka faoliyati yuzasidan hisobot beryapti.

Beshinchidan, aholi murojaatlarini oʻrganishdagi raqamlashtirish, reyting tizimi va ochiqlik odamlar­ning adolatli siyosatga ishonchini oshiryapti.

Oltinchidan, oilaviy muhitni sogʻlomlashtirish choralari koʻrilmoq­da. Bolalarni bogʻchalarga qamrab olish mamlakat boʻyicha 80 foizga yaqinlashdi. Kitobxonlik harakati ommalashdi. Sogʻlom bola tugʻilishi nazoratga olindi. Toʻgaraklar faoliyati jonlandi. Iqtidorli farzandlarimizning yutuqlari ragʻbatlantirilyapti.

Misol uchun, Samarqand viloyati IIB boshligʻining buyrugʻi bilan boshqarmada «2026-yil – IIB xodim­larini oʻqitish yili», deb belgilandi. Malakali mutaxassislar yil boshidan buyon tizim xodimlari uchun uch marta «master-klass» mashgʻulotlari, yaʼni mahorat darslari oʻtishdi. Mashgʻulotlarda, tabiiyki, maʼnaviyat, intizom, halollik, adolat tushunchalari targʻib qilindi.

Bundan tashqari, intizomiy jazoga tortilgan yoki aksincha, ragʻbatlantirilgan xodimlarning harakati ota-onalar, oila aʼzolari ishtirokida muhokama qilindi. Xodimlar oʻrtasida «Eng yaxshi kitobxon», «Fidoyi ayol xodima» tanlovlari, «Zakovat» intellektual oʻyinlari uyushtirildi.

Huquq-tartibot mutasaddilari hududlardagi aholi bilan uchrashib, sayyor qabullar tashkil etmoqda. Har dushanba IIB tizimida maʼnaviyat va maʼrifat darslari oʻtkazilyapti. Xulq atvorida keskin salbiy oʻzgarish alomatlari boʻlgan xodimlar bilan yakka tartibdagi tarbiyaviy suhbatlar yoʻlga qoʻyilgan. Bunday tadbirlar shaxsiy tarkib oʻrtasida halollik muhitini yaratishga xizmat qilayotir. Bu kabi tizimli chora-tadbirlarning mamlakatimiz boʻylab har bir ichki ishlar organlarida olib borilishi albatta samara beradi.

Halollik – eʼtiqodga yaqin tuygʻu. Insonda iymon, vijdon, odob uygʻun boʻlishi shart. Halollik ana shu xislatlar tufayli shakllanadi.Misol uchun, mashina oynasidan koʻchaga muz­qaymoq, suv yoki shirinlik idishini uloq­tirgan kishi halol boʻlolmaydi. Qingʻir yoʻl bilan mol-dunyo toʻplab, uning bir qismini kambagʻallarga hadya qilgan davlatmand ham halol emas. Kasbini, burchini uddalamagan xodimni, bolasini yoʻlning belgilanmagan joyidan yetaklab oʻtgan ota-onani, topgan-tutganini hashamatli toʻy yoki ziyofatga sarflagan kibr egasini ham halol, deb boʻlmaydi.

Mavlono Fariduddin Attorning rivoyat qilishicha, shayxlardan birini shogirdi kechki tanovulga chorlabdi. Koʻp yil taʼlim-tarbiya berdingiz, shukr, bu kun martabaga erishdim, suhbatingizni olmoqchiman, debdi. Shayx boribdi. Ovqatdan soʻng mezbon:

– Bir sadoqatli, kamtar, halol shogirdim bor. Ancha vaqtdan beri menga atab bir qoʻy boqqan ekan. Shuni kecha yuborgan ekan.

Shayxning avzoyi oʻzgaribdi, «As­tagʻfurilloh», deb tashqariga chiqibdi. Yegan taomini qayt qilib, uyga kiribdi va shogirdiga debdi:

– Ukajon, maʼzur tutgaysiz, kamina oʻzingiz uyda halol boqqan qoʻyning goʻshti, deb oʻylabmen. Shogirdingiz yuborgan goʻsht men uchun halol ermas. Chunki unga mehnatim singmagan. Sizga ham maslahatim shu: oʻz mablagʻingizga sotib olmagan yoki mehnatingiz singmagan neʼmatni tanovul etmang. U eʼtiqodingizni yoʻqqa chiqaradi...

Halollikning eng yomon dushmani – bu insondagi hoy-u havas. Kasbini har qancha mukammal egallamasin, hashamatga ruju qoʻygan kishi halol umr kechira olmaydi. Atoqli shoir Maxtumquli: «Halollik koʻzlarga nur bagʻishlaydi», degan. Bu bejiz emas. Insonga uning halolligi halovat baxsh etadi. Bu halovatni sezganlarning esa shu siyratdan koʻzlari yashnaydi. Ana shunday saodatga intilib yashaylik, azizlar!


Farmon TOSHEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.