Mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz bir yilligi arafasida “Eng ulugʻ, eng aziz” anʼanaviy respublika koʻrik-tanlovining Fargʻona viloyati bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu tanlovda hamkasbimiz – “Postda-Na postu” gazetasining Fargʻona viloyati boʻyicha muxbiri Abduvosit Sidiqov ham munosib ishtirok etib, “Jurnalistlar tomonidan nashr etilgan publitsistik mavzudagi kitoblar” nominatsiyasi boʻyicha faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Ahmad-Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan tadbirda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov gʻolib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovgʻalarni tantanali ravishda topshirdi.
Abduvosit Sidiqov oʻzining viloyat ichki ishlar organlari tarixi bilan bogʻliq “Fargʻonaning fidoyi farzandlari” hamda publitsistik maqolalardan iborat “Qaldirgʻochlar qaytgan kun” nomli kitoblari uchun ushbu nufuzli tanlov gʻoliblari qatoridan munosib joy oldi.
Hamkasbimizni ushbu mukofot bilan samimiy tabriklab, hayot va ijodida ulkan muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilab qolamiz.
