Viloyat IIB Tibbiyot boʻlimida “Yilning eng yaxshi hamshirasi” koʻrik-tanlovining hududiy bosqichi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tanlovda tibbiyot boʻlimining uch yillik amaliy ish stajiga ega boʻlgan malakali hamshiralari faol ishtirok etishdi.
Tanlov ishtirokchilar “Milliy urf-odatlarimiz va oʻzbekona axloq qoidalariga mos holda tanishtiruv”, “Sohaviy va maʼnaviy-maʼrifiy bilimlar savodxonligi”, “Amaliy koʻnikmalar sinovi”, “Erkin mavzu” shartlari boʻyicha oʻzaro bellashishdi. Hakamlar hayʼati har bir ishtirokchining shartlarni bajarishdagi bilim va mahoratini sinchkovlik bilan kuzatib, xolisona baholab borishdi.
Koʻrik-tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, Tibbiyot boʻlimi gospitali navbatchi hamshirasi Hayitjon Madaminova hududiy bosqich gʻolibasi deb topildi va respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Hamshiralar Saida Yusupova hamda Dilfuza Qarayevalar ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallashdi.
Tanlov gʻolibi va sovrindorlari diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
