Inson hayotida uning hayotini va taqdir yoʻlini belgilaydigan qarorlar boʻladi. Men ham bir necha bor ana shunday muhim qarorlar qabul qilganman. Baʼzan adashganman ham. Ammo kasb tanlashda adashmadim, deb oʻylayman. Hamma ham bolaligida juda koʻp orzular qiladi. Ularning koʻpchiligi oʻtkinchi havas, oʻzgalarga taqlid sifatida namoyon boʻlishi mumkin. Ammo haqiqiy hayot yoʻlini belgilaydigan orzu inson yuragida mustahkam oʻrnashar ekan. 

Taqdiri azal deganlari ehtimol shudir. Kechagidek esimda. Talaba edim. 2013-yili Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetining 4-bosqichida oʻqib yurgan kezlarim. Talabalar shaharchasidagi bekatda avtobus kutib turardim. Odamlarning gazeta va jurnallar oʻqishga ishtiyoqi baland boʻlganligi bois Toshkentda matbuot nashrlari sotiladigan doʻkonchalar koʻp boʻlardi.

Men bolaligimdan matbuot nashrlari oʻqishni yaxshi koʻrardim. Shuning uchun bunday doʻkonchalar yonidan hech qachon befarq oʻtib ketolmasdim. Oʻsha kuni bekatdagi doʻkonchada bir gazetaga koʻzim tushdi. Uning ilk sahifasida forma kiygan ayolning rasmi bor ekan. Negadir yuragim orziqib ketdi. Tikilib qarasam, «Postda» gazetasi ekan. 

Doʻkonchi amakidan shu gazetani olib varaqlay boshladim. IIV muassisligida nashr etiladigan bu gazeta menda katta qiziqish uygʻotdi. Uni sotib olib, talabalar yotoqxonasiga qaytdim va har bir sahifasini diqqat bilan oʻqib chiqa boshladim. Shunda ichimda mudrab yotgan bir istak bosh koʻtargandek boʻldi. Katta hayot yoʻlidagi eng muhim maqsadimni anglagandek edim goʻyoki. 

Bolaligimdan sheʼr, hikoya va maqolalar yozib yurardim. Dorilfununni bitirgach, matbuot sohasida ishlashni istardim. Ushbu gazeta maqsadimni yanada aniqlashtirdi. «Men Toshkentda qolib, egnimga ichki ishlar organi xodimi formasini kiyib, gazetada ishlayman», – deya ahd qildim. Bu mening hayotimdagi eng muhim qaror boʻldi. 

Ota-onamga niyatimni ayt­ganimda, ular bir oz ikkilandilar. Chunki har bir ota-ona farzandining oʻz bagʻrida boʻlishini istaydi. Onam oʻqituvchi boʻlganlik­lari bois farzandlaridan biri shu kasbni davom ettirishini xohlardilar, albatta. Ammo ular istagimga qarshi chiqmadilar. Aksincha, meni har tomonlama qoʻllab-quvvatladilar.

Universitetni tugatgach, oila qurib, IIV Birlashgan tahririyatiga borib ish oʻrgana boshladim. Ushbu dargohdagi malakali va tajribali ustozlardan ijodiy saboq oldim. Ijtimoiy mavzularda maqolalar yozish men uchun qiyin emasdi. Ammo ichki ishlar organlari faoliyati va huquqiy mavzularda maqolalar yozishga qiynalardim. Tahririyat jurnalistlaridan bu borada koʻp narsa oʻrgandim. Ammo oʻsha paytda jamoada boʻsh oʻrin boʻlmaganligi bois ustozlarim menga IIV huzuridagi JIED muassisligida chop etilayotgan «Vaqt-Время» gazetasida ishlashni maslahat berishdi.

Mana, 6 yildan buyon ana shu gazeta tahririyatida faoliyat olib bormoqdaman. Oddiy leytenantlikdan kapitan darajasigacha erishdim. Men uchun qadrli boʻlgan «Postda-На посту» gazetasida ham maqolalarim chop etib boriladi. Hamon ushbu dargohdagi ustozlarimdan ham ijodiy, ham hayotiy masalalarda maslahatlar olib turaman. Buning uchun hammalaridan bir umr minnatdorman.

«Postda-На посту» – otaxon gazeta. Sevimli nashr chop etilayotganligiga yaqinda 95 yil toʻladi. Bu salkam bir asr degani. Gazeta ijodkorlari zamon bilan hamnafas. Shuning uchun ushbu nashr mushtariylar koʻnglidan joy olgan. Fursatdan foydalanib IIV Birlashgan tahririyati jamoasini tarixiy sana bilan qutlayman. Ularga yangidan-yangi ijodiy yutuqlar tilayman.

Xadicha OʻTAYEVA, 

«Vaqt-Vremya» gazetasi muxbiri, kapitan.