Tarixchi Abdibek Sheroziyning bir gapi bor: «Kun oʻtganda «oʻtdi» deb beparvo boʻlma, bu umringdan bir hissasi kamayganini bildiradi». Juda oʻrinli eslatma. Xoʻsh, oʻtayotgan har lahzamizni biror foydali ishga sarf etyapmizmi yoki...? Buni har doim sarhisob qilamizmi? Gap ana shunda.
Poezd yoki samolyotga chiptangiz boʻla turib, kech qolganmisiz? 5 daqiqaga boʻlsa ham kech qolgan yoʻlovchi oʻsha daqiqalarning qadrini boshqalardan koʻra yaxshiroq tushunadi. Yoki talabalik imtihonidan yiqilgan abiturient bir yilning qadrini yaxshi anglaydi. Hosili kuz yomgʻiri ostida qolgan dehqon esa bir kun qanday qiymatga ega ekanini biladi. Biroq toʻy-hashamdan, gap-gashtakdan, uyda esa serialu telefondan ortmaydiganlar-chi? Ular behuda sarf boʻlayotgan vaqti uchun koʻnglida achinish hissini tuyarmikan?
Baʼzan toʻy-hasham, gashtaklar, turli yigʻinlarga (hozir kimdir yangi narsa olsa boʻldi, ziyofatga sabab boʻladi) bora olmasang, tanish-bilish va qarindosh-urugʻlar oʻpkalaydi, xafa boʻladi. Vaqt yoʻq emas, bor. Lekin keti uzilmaydigan bunday yigʻinu hashamlarda kimningdir yangi koʻylagi, mebeli, qimmatbaho tilla taqinchogʻini yoki toʻylardagi dabdabali oldi-berdilarni muhokama qilishdan koʻra, Rumiydan bir parcha oʻqigan afzalroq, nazarimda.
Eʼtibor qilganmisiz, ishxonaga kun oʻtariga kelib-ketuvchilar boʻladi. Ular asosiy vaqtini valaqlashish, internet titkilash yoki telefonda gaplashish, yaʼni, hech nima qilmaslik bilan oʻtkazadi (bekorchilikning sharofati bilan gap-soʻz, gʻiybatlar ham urchiydi baʼzan). Kamiga, hech nima qilmasdan olayotgan maoshining barakasi yoʻqligidan nolib ham qoʻyadi.
Bir tanishim bor. Eshitgan toʻy-maʼrakani oʻtkazib yubormaydi. Lekin farzandlari tarbiyasiga vaqt ajratishiga, ularga biror rivoyat yoki ertak aytib berishiga ishonmayman. Negaki, kitob, gazeta oʻqimaydi (oʻzining aytishicha, bunga vaqti yoʻq emish), qiziqmaydi ham.
Oʻylab qoldim, Navoiy ham oʻz davrida toʻyma-toʻy yurganmikan-a? Yoki Abdulla Avloniy, Behbudiylar vaqtini behuda oʻtkazganmikan? Ustozim aytib bergandi, akademik Botirxon Valixoʻjaev eng yaqin odamining toʻyidan oʻn daqiqadan soʻng toqati toq boʻlib, chiqib ketgan ekan. Yana bir ziyoli inson – publisist, shoirning bunday chaqirdilarga bormasligini, vaqtini qizgʻanishini eshitganman. Balki, ular kimlarningdir nazdida «odamgarchilikdan chiqqan» sanalar. Biroq ular umrining har lahzasida maʼnaviy boylik yaratganlar.
Aslida har bir kun kichkina umr. Faqat sanoqli odamlargina umrining har daqiqasini oqilona hisob-kitob bilan oʻtkazadi va komillikka yaqinlashadi.
Xoʻsh, hisobli umr nima? Maqsadi aniq qoʻyilgan umr hisobli boʻladi.
Odatiy bir kunimizni nimalarga sarf qilishimiz haqida oʻylab koʻrganmisiz? Aytaylik, bir kechayu kunduzda uyquga oʻrtacha 7,5 soat ajratamiz. Tushlikka bir, ertalabki va kechki tanovulga yarim soatdan, jami –
2 soat. Soat 9:00 dan 18:00 gacha ishda boʻlamiz. Ertalabki badantarbiya, sayr va yuvinishga bir soat. Televizor koʻrishga – 3 soat. Gazeta, kitob oʻqishga – 1 soat. Endi farzandni maktab yo bogʻchadan olishga, toʻy yoki boshqa tadbirlarda qatnashish, teatr yo konsertga kirishga ketgan vaqtingizni hisoblang.
Yillar davomida oʻqib-oʻrganganlaringiz, farzandlarga bagʻishlangan onlarni sarhisob qiling. Ularni qiyoslang, oʻrganing va xulosa chiqaring. Oʻzingizga baho bering. Sizga berilgan oʻlchovli umrni toʻgʻri sarf eta olyapsizmi, yoʻqmi? Shuni tahlil qiling. Zero, oqil odam vaqtini foydasiz narsalarga sarf etishdan qizgʻanadi. Siz-chi, siz ham qizgʻanasizmi?
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
