Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida atoqli adibimiz, ona tilimizning zukko bilimdoni, zargari, jasoratli himoyachisi Abdulla Qahhor «Nima uchun koʻcha harakati qoidalarini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?» deya kuyinib yozgan edi.
Mana, oʻshandan keyin salkam oltmish yil oʻtdi. Bu orada ona tilimiz mustaqil mamlakatning davlat tiliga aylandi. Uning rivojini taʼminlash, nufuzini oshirish borasida bir qator ham amaliy, ham huquqiy choralar koʻrildi. Lekin, ochigʻini tan olishimiz kerak, hamon tilimizni buzayotganlarga hech kim hushtak chalayotgani yoʻq.
Uzoqqa borib oʻtirmaylik. Noshirlik sohasini olaylik. Chop etilayotgan ayrim kitoblardagi imloviy, uslubiy, grammatik xatolarni koʻrib taʼbingiz xira tortadi. Baʼzi davriy matbuot nashrlari, ayniqsa, gazetalar ham bunday kamchilikdan xoli emas. Elektron nashrlarni-ku gapirmay qoʻya qolaylik. Bolaligimizda gazeta va jurnallarni oʻqib, savodxonligimiz oshardi. Hozir esa, aksincha, chalasavod boʻlib qolish hech gap emas. Avvallari kitoblarda mabodo ayrim soʻzlar xato yozilgan boʻlsa, oxirida tuzatish ilova qilinardi. Endi esa birov bunga eʼtibor ham berayotgani yoʻq.
Baʼzi radioeshittirishlar va telekoʻrsatuvlarda ishtirokchilar tomonidan shevaga xos soʻzlarni ishlatish odatiy holga aylangan. Bunga ham chidash mumkindir, lekin hatto ayrim teleshoularning boshlovchilari ham shevada soʻzlashiga nima deysiz?! Vaholanki, ommaviy axborot vositalarining materiallari adabiy tilda berilishi kerakligi isbot talab qilmaydigan qoida.
Tor doirada, oʻzaro muloqotda odamlar odatda oʻz shevasida gapirishi tabiiy hol. Lekin Oavda, rasmiy yigʻinlarda adabiy tilda chiqish qilishi lozim. Chunki bu chiqish turli sheva vakillariga moʻljallangan boʻladi, yaʼni hammaga birday tushunarli boʻlishi darkor. Axir, oʻzbek adabiy tili qonun-qoidalari maktabda hammaga oʻrgatiladi.
Mayli, koʻpchiligimiz ega, kesim, gapning ikkinchi darajali boʻlaklari, qoʻshma gap turlari kabi tushunchalarning taʼriflarini unutishimiz mumkin. Buni qaysidir maʼnoda tushunsa, kechirsa boʻladi. Lekin adabiy tilda soʻzlash, yozish koʻnikmasini unutishga oʻz ona tilini hurmat qiladigan hech bir kishining maʼnaviy haqqi yoʻq. Qolaversa, maktabda oʻzbek tili fani oʻqitilishidan asosiy maqsad ham ana shu koʻnikmani shakllantirishdan iborat emasmi?
Shu oʻrinda ona tiliga hurmatsizlikning yana bir koʻrinishi ustida toʻxtalmasak boʻlmas. Bu nutqimizda boshqa tillarga xos, ayniqsa, ruscha soʻzlarni aralashtirib ishlatishdir. Xususan, yoshlar oʻzaro gaplashganda, «zato», «daje», «uje», «pochti», «konechno», «bratan», «bratishka», «krutoy», «shef», «okey» kabi soʻzlar tez-tez qulogʻingizga chalinadi.
Xoʻsh, ona tilimizda bu soʻzlarning muqobili yoʻqmi? Bor, albatta (konechno emas). Hatto (daje emas) bundan ham nozik maʼnolarni ifodalay oladigan soʻzu iboralarimiz bisyor. Faqat, afsuski, ayrim yoshlarimizning soʻz boyligi nihoyatda gʻarib. Chunki kam kitob oʻqiydi. Yoki shunaqa gapirishni oʻzicha zamonaviylik belgisi deb hisoblaydi.
Xoʻsh, ona tilimizni buzib gapirayotganlarga kim hushtak chaladi? Avvalambor, har bir odam til qoidasini buzishi bilan oʻzi hushtak chalib, oʻzini ogohlantirish kerak. Qolaversa, OAV vakillari ushbu sohadagi kamchiliklarga beeʼtibor boʻlmasligi lozim.
Oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida algʻov-dalgʻovli voqealar tufayli yurtimizdan bosh olib ketgan vatandoshlarimizning oʻzbekcha soʻzlashiga hech eʼtibor berganmisiz? Yoki «Oʻtkan kunlar» filmidagi Otabek, Yusufbek hojining qanday lutf bilan gapirishini eslang. Tilimizning oʻsha tarovati, latofati qulogʻimizga xush yoqadi, dilimizni yayratadi. Bobomeros, asrlardan asrlarga oʻtib kelayotgan ona tilimizni eʼzozlash, asrab-avaylash, uning oʻsha tarovatu latofatini saqlab qolish har birimizning farzandlik burchimizdir.
Bobomurod TOSHEV.
