Turmush qurganimdan beri onam birinchi marta uyimga kelayotgandi. Mehr bilan tansiq taomlar tayyorladim. Tushlikka bir soat qolganida eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Onam “Uy hadyasi” deb qoʻlimga xalta tutqazdi. Xaltani ochib koʻrsam, ochilgan va ishlatilgan tozalash vositasi. Onamdan: – Sizning yotoqxonangizdagi oyna oldida turgan tozalash vositasimi bu, deya soʻradim. Uyda tozalash vositalari koʻp edi, ammo buni ham ishlataman. Rahmat.
– Buni, albatta, foydalanishing uchun olib keldim, – dedi onam. – Ammo uy tozalashda emas...
– Voy, unda nima uchun ishlataman buni?
– Oʻtmishni tozalash uchun ishlatasan! – dedi onam. Hech narsaga tushunmadim.
Buvim va bobom koʻp janjallashishar ekan. Bobom buvimga “oʻtmishga tozalash kukuni sep” der ekan. Ammo buvim hech bunday qilmas, janjallari borgan sari avj olar, ularning gʻidi-bidisidan bobomnining toqati toq boʻlgandi.
– Xoʻp, nega oʻtmishga ayollar tozalash kukuni separ ekanlaru, erkaklar sepmaydi? – dedim onamga.
– Chunki erkaklar unutuvchan boʻladi, – dedi onam. Gap kovlashtirib yurmaydi. Ayollar esa hissiyotga beriluvchan boʻladi. Oʻzlarini ranjitgan biror gap yo holatni osonlikcha unutmaydi. Esiga tushganda ozorlanadi va atrofidagilarga ham ozor yetkazadi. Buvim ham xatosini tushungani, ammo uni tuzatishga kechikkani uchun onamga turmushining ilk kunlari yangi oila ziyoratiga kelganida, nasihat sifatida hozir mening qoʻlimda turgan va hayratimga sabab boʻlayotgan tozalash vositasini sovgʻaga olib kelgan ekan.
– Biz uchun yangi tayyorlaganing palovni ishtaha bilan yedik, qornimiz toʻydi. Ammo eski ovqatni oldimizga qoʻyganingda xushnudlik bilan yemagan, toʻymasimizdan qoʻzgʻalgan boʻlardik. Turmush ham shunday, bolajonim. Oʻtmishdagi gap-soʻzlarni isitilgan ovqatdek olib kelaversang, bir necha marta isitganingdan keyin taʼmi buziladi, koʻngil tortmas holga keladi. Ortda qolgan gap-soʻz, tortishuvlarga tozalash vositasi sepib yuborsang, unutiladi, unutasan va turmushingiz hamisha tansiq va ishtaha ochar taomdek shirin boʻlib qolaveradi.
