Ovi yurishmagan burgut uyasiga qaytib keldi. Qarasa, yosh burgutchalar yonida bir begona qushning bolasi oʻtiribdi. Uni koʻrib charchagan va ochqagan burgutning jahli chiqdi, alamini shu qushdan olib burda­lab tashla­moqchi boʻldi. Lekin tezda oʻzini qoʻlga oldi-da, chaqirilmagan mehmonga:

– Sen qayerdan kelib qolding? – dedi.

Bahaybat burgutni koʻrib oʻzini yoʻqotib qoʻygan qushcha zoʻrgʻa:

– Men uyimdan bugun birinchi marta uchib chiqdim va adashib qoldim, charchab shu yerga qoʻndim, – dedi.

Qushcha doʻmboqqina va juda mazali koʻrinardi. Ammo burgut yemishini ov qilib topishga odatlangani uchun bu ojiz qushchaga hujum qilishni oʻziga ep koʻrmadi. Bundan tashqari, magʻrur qushlar qilib tarbiyalayotgan bolalariga bu ish yomon ibrat boʻlishini oʻylab, jahl bilan orqasiga burilib uchishga tayyorlandi. Biroq ketishidan oldin qushchaga qarab:

– Men qaytib kelguncha bu yerdan ket! Bu yer sening joying emas! – deb osmonga koʻtarildi.

«QUSH INIDA KOʻRGANINI QILADI», DEYISHADI MASHOYIXLAR. BOLALAR OTALARINING ISHLARIDAN IBRAT OLIB KATTA BOʻLADILAR.

Toʻlepbergen Qaipbergenovning «Qoraqalpoqnoma» kitobidan.