Bir sinfda tahsil olayotgan oʻquvchilar oʻzaro janjallashib, bir-birini qattiq xafa qilishibdi. Tortishuv ustiga kelib qolgan muallima ularni arang ajratibdi. U soʻnggi paytlarda kelisha olmay qolgan bolalarning bir-biriga nisbatan hurmatsiz munosabatda boʻlayotganini oʻylab, boshi qotibdi. Ertasiga darsga kirishdan oldin doʻkondan koʻrinishi ham, rangi ham deyarli bir-xil 2 dona olma sotib olibdi va mashgʻulot vaqtida bolalardan soʻrabdi: “Bu olmalar nimasi bilan farq qiladi?” Oʻquvchilar hech narsa deya olmabdi, chunki mevalar orasida hech qanday farq yoʻq ekan.
Shunda muallima olmalardan birini olib, unga qarab: “Sen menga yoqmaysan! Judayam jirkanchli olmasan” debdi va yerga uloqtiribdi. Bolalar hayron boʻlgancha unga qarab qolishibdi. Soʻngra oʻqituvchi mevani olib, shogirdlaridan biriga uzatib: «Sen ham uning biron kamchiligini topib ayt va yerga ot», debdi. Oʻquvchi uning aytganini qilibdi. Shu tariqa, olma hamma oʻquvchilarning qoʻlidan oʻtib, “Menga sening duming yoqmadi!”, “Tering judyam xunuk!”, “Qurt yegan olmasan!” kabi yoqimsiz soʻzlar bilan bir necha bor yerga urilibdi.
Axiyri, olma oʻqituvchining qoʻliga qaytgach, u bolalardan yana ikki olmaning farqini soʻrabdi. “Haqoratlarga uchragan” meva yerga urilaverib biroz ezilganini hisobga olmaganda, ular baribir deyarli bir xil edi. Shunda muallima olmalarni teng ikkiga boʻlib, bolalarga koʻrsatibdi. Stolda qolgan olmaning ichi oppoqqina, ishtahaochar boʻlib, lat yegani esa zarblar taʼsiridan jigarrang tusga va yoqimsiz koʻrinishga kirgandi.
Keyin oʻqituvchi: «Bolalar, ikkinchi olmaga hammangiz jirkanish bilan boqib turibsiz. Lekin, oʻylab koʻring, axir uni shu holga keltirgan oʻzimiz-ku! Bu bizning aybimiz», debdi. Sinfga ogʻir sukunat choʻkibdi. Bir necha soniyadan soʻng muallima davom etibdi: «Unutmang, kimnidir haqorat qilganimizda yoki masxaralaganda ham xuddi shunday boʻladi. Bu tashqaridan qaraganda bilinmasligi mumkin, lekin uning qalbiga ogʻir jarohat yetkazgan boʻlamiz. Baʼzi insonlar bunday kamsitishdan keyin hayot yoʻlini adashtirib qoʻyadi. Yaralashga qodir oddiy soʻz taqdirlarni salbiy tomonga oʻzgartirib yuborishga qodir. Oʻrtogʻingiz bilan urishib, uni haqoratlashdan, yerga urishdan oldin shularni yodga oling».
Shu kundan eʼtiboran oʻquvchilar oʻzaro janjallashmaydigan va bir-birini hurmat qiladigan boʻlishibdi.
Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
