Shahar darvozasi yonida bir chol oʻtirardi. Shu yerdan oʻtib ketayotgan sayohatchilardan biri unga yaqinlashdi. Yigitning uzoqdan kelayotgani koʻrinib turardi.

– Men bu joyda hech qachon boʻlmaganman va uning urf-odatlarini bilmayman. Ayting-chi, otaxon, bu shaharda qanday insonlar yashaydi? – soʻradi u qariyadan.

– Sen kelayotgan shaharda qan­day odamlar istiqomat qilardi? – javob berish oʻrniga savol bilan murojaat qildi chol.

– U yerda juda badjahl va xudbin kishilar koʻp edi va men hech afsuslanmay shaharni tark etib keldim.

– Attang, yigitcha, lekin bu yerda ham xuddi shunday insonlarni uchratasan.

Bir qancha vaqt oʻtib, boshqa bir sayohatchi qariyaga yana aynan oʻsha savolni berdi. Chol ham undan ilgari yashagan diyoridagi odamlar haqida soʻradi.

– U yerdagi aholi juda mehmondoʻst, bagʻrikeng va mehribon edi. Ularning koʻpi bilan qalin doʻst boʻlib ketgandim va u yerdan ketish men uchun ancha qiyin kechdi.

Qariya yuziga tabassum yugurib:

– Bu yerda ham xuddi shunday insonlarni uchratasan, – dedi.

Oʻz mahsulotlarini shu shaharga olib kelayotgan savdogar har ikki suhbatning guvohi boʻlibdi va hayron boʻlib qariyaga murojaat etdi:

– Siz ikki kishining bir xil savoliga turlicha javob qaytardingiz. Nega?

– Har bir insonning qalb olami oʻziga xos. Agar kimdir ilgari yashagan joyidan hech bir ezgulik topa olmagan boʻlsa, bu yerdan ham topishi dargumon. Kimki doʻstlari davrasida baxtiyor yashagan boʻlsa, bu oʻlkada ham yaxshi insonlar mehridan bahramand boʻladi. Chunki har kim ichki dunyosi qanday boʻlsa, atrofdagi odamlarni ham xuddi shunday qabul qiladi.