Qaror bilan ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, oʻzaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini taʼminlash, mahallalar, aholi turar joylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, bir soʻz bilan aytganda, «Inson qadri uchun» tamoyilining hayotda toʻliq oʻz aksini topish maqsadini koʻzlaydi.
Mazkur hujjatda ushbu maqsadni roʻyobga chiqarish mexanizmlari ham nazarda tutilgan boʻlib, ular ichki ishlar organlari xodimlarida xizmat vazifalariga halol, vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, yuksak masʼuliyat bilan yondashish, jamiyatda umumeʼtirof etilgan odob-axloq normalariga soʻzsiz amal qilish tuygʻusini shakllantirishga xizmat qiladi. Unga muvofiq, Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlanib, uning qoida va talablari hayotga tatbiq etildi.
Kodeksning qabul qilinishi natijasida, birinchidan, tizim xodimlarining kasbiy madaniyati, xizmat intizomini belgilovchi bir qator tarqoq idoraviy hujjatlar yagona tizimga keltirildi. Ikkinchidan, mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning davlat rahbari qarori bilan kodeks sifatida tasdiqlanishi undagi qoida va talablarga birdek amal qilinishini taʼminlashga hamda ularning yuridik ahamiyati va darajasi oshishiga xizmat qildi. Uchinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat oʻtashdagi masʼuliyati bir pogʻonaga oʻsishi uchun sharoit yaratdi.
Shu bilan birga, ichki ishlar organlari tizimida xizmat oʻtash tartibi bilan bogʻliq bir qator koʻrsatma va talablarni oʻzida ifoda etib, mazkur qoida va talablarni bilish, ularga qatʼiy va soʻzsiz amal qilish har bir xodim uchun majburiy hisoblanadi. Muhim jihati, Kodeksda belgilangan qoida va talablarga amal qilish xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezoni sanaladi. Yaʼni, undagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qoʻpol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan boʻshatishgacha boʻlgan intizomiy jazo chorasini qoʻllash uchun asos boʻladi. Shuningdek, unda ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish boʻyicha nomzodlarni tanlashning adolatli, xolis va shaffof tizimini yaratish belgilandi.
Qarorning yana bir muhim jihati, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni «taʼlim muassasasidan — xizmatning oxiriga qadar» tamoyili asosida tizimli va uzluksiz tashkil etish orqali ularning samaradorligi hamda taʼsirchanligini oshirish, tizimda istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Inson omilini istisno etish hamda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni oʻtash qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini zamon talablariga mos ravishda toʻliq raqamlashtirishga alohida ahamiyat qaratilgan.
Maʼlumki, yangilanayotgan mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraladi. Binobarin, maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yanada yaxshilash, ming yillar mobaynida uning bagʻrida sayqallanib kelayotgan ibratli anʼana va qadriyatlarni targʻib etish borasida koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida ham maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat jihatdan yangi pogʻonalarga koʻtarish, xodimlarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish, maʼnaviyatli, vatanparvar, oʻz kasbiga sadoqatli va fidoyi xodimlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda «Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi» muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» deb belgilangan konseptual gʻoya ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat burchini bajarish borasida qatʼiy hayotiy eʼtiqodni qaror toptirish, ularning Vatan va xalq taqdiriga, davlatimiz hamda islohotlar talablariga daxldorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishiga asosan, ichki ishlar organlarida «Maʼnaviyat oyligi», «Intizom oyligi», «Vatanparvarlik oyligi»ning muntazam oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylanib ulgurdi.
Bugungi kunda jamiyatda kitobning maʼnaviy hamda axloqiy oziq, madaniyat va til ravnaqi uchun asosiy manba, avlodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan intellektual meros sifatida mavqeyi hamda ahamiyatini saqlash va hatto tiklashga ehtiyoj sezilyapti. Xususan, ichki ishlar organlarida kitob yarmarkalari, «Zukko kitobxon» tanlovlarining oʻtkazilishi xodimlar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirish, ularning kitobga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirishda muhim omil boʻlmoqda.
Ichki ishlar xodimlariga qoʻyiladigan asosiy talablar qatorida muomala madaniyatiga rioya etish, murojaat qilgan shaxsni eʼtibor bilan tinglash, qoʻpollik va loqaydlikka nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish, holatga xolisona va vijdonan yondashish orqali shaxsiy namuna koʻrsatishlari ham belgilangan.
Bir soʻz bilan aytganda, asosiy maqsad – ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish, tizimda oʻz kelajagiga yangicha qaraydigan, Vatanga va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalanayotgan, el-yurt xizmatiga shay, yuragi yonib, koʻzlaridan oʻt chaqnab turgan tashabbuskor va fidoyi kadrlarni tayyorlashdir.
