Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Ishonchim komil, oʻz vazifasini halol va vijdonan ado etadigan ichki ishlar organi xodimi el-yurt oʻrtasida albatta munosib obroʻ-eʼtibor topadi.
Shavkat MIRZIYOYEV
Imij – ishontirish yoki yoqish usuli...mi?
Davlat va xalq oʻrtasidagi munosabatlar jarayonida «imij» tushunchasi alohida oʻrin tutadi. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasiga koʻra, imij (inglizcha image, lotincha imago – timsol, koʻrinish) – shaxs, hodisa, narsaning ommalashtirish, reklama qilish maqsadlarida odamlarga hissiy-ruhiy taʼsir koʻrsatishni koʻzlab shakllantiriladigan qiyofasi; targʻib qilish vositalaridan biri.
«Imij» tushunchasi reyting, obroʻ, mashhurlik, joziba, maftunkorlik, eʼtibor, nufuz va boshqa tushunchalar bilan hamohang. Blez Paskalning fikricha, insonlarga taʼsir qilishning ikki usuli mavjud: ishontirish usuli, yoqish usuli. Ikkinchisi samaraliroqdir, negaki insonga yoqmay turib, uni ishontirish qiyin. Imij nafaqat obraz, qiyofa, balki unga bildirilgan munosabat va u haqdagi fikrlar majmui, shaxsning axloqiy mohiyati va unga muvofiq tashqi koʻrinish mutanosibligi hamdir.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, imij 4 turga: kasbiy, ijtimoiy, oiladagi va shaxsiy turlarga boʻlinadi. U tashqi koʻrinish, kiyinish madaniyati, urf-odatlar, faoliyat va saʼy-harakatlar, inson axloqi, oʻzini tutishi, maqsadlari, doʻstlari va munosabatlarida namoyon boʻladi.
Koʻpchilik mutaxassislar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari imijining tarkibiy qismlari sifatida tashqi koʻrinish; huquqiy ong; shaxsiy sifatlar; kirishimlilik belgilangan.
Ushbu sifatlarni jamoatchilik eʼtiboriga yetkazishda ommaviy axborot vositalari muhim rol oʻynaydi. Umuman, ommaviy axborot vositalari insonlarning fikrlash darajasiga taʼsir koʻrsatishi nuqtayi nazaridan aytish mumkinki, ular ichki ishlar organlari xodimlari imijini oshirishning asosiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi.
Xalqchil tuzilma
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlari xodimlarini xalqqa yaqinlashtirish, el-yurt dardi va tashvishi bilan yashashga, xizmat qilishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi Oʻzbekistonda yangi ichki ishlar organlarini shakllantirish, aholiga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatadigan, ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional xalqchil tuzilmaga aylantirish barobarida uning imijini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 20-yanvardagi «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bu borada qoʻyilgan muhim qadamlardan biri boʻldi.
Barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida ham maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat jihatdan yangi pogʻonalarga koʻtarish, xodimlarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish, maʼnaviyatli, vatanparvar, oʻz kasbiga sadoqatli va fidoyi xodimlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Imij yaratish masʼuliyati
Ichki ishlar organlari xodimlari xizmatni bevosita fuqarolar koʻz oʻngida amalga oshiradi, demakki, fuqarolar bilan muloqotda ochiq va samimiy boʻlish, dardini eshitish, ularning murojaatlari bilan ishlashda haqqoniy boʻlish zarur.
Keyingi paytlarda xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishga toʻsqinlik qilish, ularni haqorat qilish, xatti-harakatlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishni shantaj qilish holatlari ham uchrab turibdi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda osoyishtalik posbonlarini obroʻsizlantirish, voqelikni noxolis boʻrttirib koʻrsatish holatlari kuzatilyapti.
Binobarin, ichki ishlar organlarida imij yaratish masʼuliyatli, shu bilan birga, birmuncha mashaqqatli. Masalan, profilaktika inspektorining xalq orasida oʻz imijini yaratishida tashqi koʻrinishning oʻzi kamlik qiladi. Oʻz ustida tinimsiz izlanish, fuqarolar huquq va erkinliklarining haqiqiy himoyachisi boʻlish, xalqning ogʻir damlarida eng yaqin koʻmakchisi, hammaslagi boʻlish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaxshi bilamizki, xodimning imijini oshiradigan jihatlardan yana biri uning maʼnaviyatidir. Inson kamoloti va maʼnaviy dunyoqarashi esa kitob orqali yuksaladi. Shuning uchun shaxsiy tarkib oʻrtasida kitob va kitobxonlikni targʻib qilish, mutolaa madaniyatini oshirish, kutubxonalar fondini boyitib borish ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.
Soha vakillari el orasida obroʻ qozonishlari, imijini oshirish uchun, avvalambor, zimmalaridagi vazifalarni sidqidildan bajarishlari lozim. Har bir xodim fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʻlishi, kasbiy va huquqiy bilimlarini muttasil oshirish ustida tinmay izlanishi zarur. Ana shunda muayyan maqsad va muddaolarga erishiladi.
Xorij tajribasi
Xorij tajribasi huquqbuzarliklar profilaktikasida yangi ish uslublarini qoʻllash, aholi va jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yoʻlga qoʻyish, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish lozimligini koʻrsatmoqda.
Rus tadqiqotchisi S. Naumov «Ichki ishlar organlari xodimlarning imiji – bu ularning eng xarakterli va tipik xususiyatlarini ochib beruvchi murakkab tasvirdir» deb fikr bildirgan boʻlsa, A. Syomik unga «xizmat vazifalarini bajarishda namoyon boʻladigan ijtimoiy xatti-harakatlar namoyishi» deb taʼrif bergan. Boshqacha qilib aytganda, tizim xodimining imiji bu – jamoatchilik nigohidagi tizim xodimlarining tasviri boʻlib, ular xizmat faoliyatining xarakteri va xususiyatlarini namoyon qiluvchi murakkab jarayondir.
XXI asr boshlarida Rossiyada ichki ishlar organlari tizimida jinoyatchilikning oʻsishi, qonunlarga beparvolik bilan munosabatda boʻlish holatlarining oshishi va fuqarolarga nisbatan qoʻpol muomalada boʻlish kabi tizimli muammolar yuzaga keldi. Bu omillar mamlakatda ichki ishlar organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchining pasayishiga olib keldi, imijiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi.
Bu holatlarni bartaraf etish Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan Ichki ishlar vazirligi tizimida keng koʻlamli islohotlar oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirildi. Xususan, 2009-yil 24-dekabrdagi «Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, tizimni modernizatsiya qilish, jumladan, ularning faoliyat samaradorligini oshirish, kadrlar muammosini hal etish hamda sohaning moliyaviy va moddiy-texnik holatini yaxshilash koʻzda tutilgan.
Rossiya Federatsiyasida politsiya organlari axborot xizmatlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda politsiya xodimlari faoliyatiga nisbatan salbiy axborot tarqalishiga qarshi quyidagi yoʻnalishdagi ishlar amalga oshirilmoqda:
1) axborot maydonini monitoring qilish;
2) tanlangan materiallarni tartibga solish;
3) tanlangan kontentlarni vaqt va makon jihatdan bogʻlash;
4) salbiy videoroliklarga ekspetrlar bahosini berish;
5) targʻibot roliklarini ishlab chiqish;
6) targʻibot roliklarini axborot maydoniga chiqarish.
Gruziyada ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish quyidagi yoʻnalishlarda olib borildi: birinchidan, institutsional-tarkibiy oʻzgarishlar, ikkinchidan, kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, uchinchidan, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, toʻrtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash va beshinchidan, moddiy-texnik bazani yaxshilash kabilar.
Yangi politsiyachilar ochiq tanlov asosida jalb etilib, ularda huquq-tartibot idoralarida tajribaga ega boʻlgan shaxslar ishtirok etmaydilar. Nomzodlarni yollashda gʻarb meʼyorlariga muvofiq ishlab chiqilgan psixologik testlardan foydalaniladi, bu esa politsiya xodimlarining oʻrtacha intellektual darajasini oshirish va beqaror yoki tajovuzkor psixikaga ega boʻlgan nozodlardan voz kechish imkonini beradi.
Shuningdek, rivojlangan davlatlar tajribasiga eʼtibor qaratsak, ular tomonidan politsiya faoliyatiga oid koʻplab filmlar, teleseriallar va videolavhalar ishlab chiqilgani koʻrinadi. Bunda politsiya haqida jamoatchilikda ijobiy tushunchalarni hosil qilish maqsadida asosiy eʼtibor koʻproq politsiya xodimlarining imijini tashkil etuvchi komponentlarga qaratilganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin.
Azaldan Sharq jahon madaniyatining eng asosiy oʻchoqlaridan biri boʻlib kelgan. Ana shu buyuk madaniyat xodimlarimizning maʼnaviy jihatdan yuksalishiga, shubhasiz, imijini koʻtarishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, albatta.
Azizjon FAYZIYEV,
podpolkovnik.
