Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm salohiyatini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda Oʻzbekistonning tashrif uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar olib borilmoqda.
Xususan, sohaga oid qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Natijada yurtimiz turizm sohasi milliy iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor natijasida tarixiy obidalarimiz va boshqa xushmanzara joylarimizga tashrif buyuruvchi chet el va mahalliy sayyohlar soni yildan-yilga oshib bormoqda.
Har bir mamlakat turizmining rivojlanishi xorijiy valyuta oqimi, aholi bandligini oshirish hamda kichik va oʻrta biznes salohiyati kengayishi hisobiga yalpi ichki mahsulot oʻsishiga xizmat qiladi. Pirovardida infratuzilma rivojlanadi, mahalliy aholining turmush tarzi yaxshilanadi. Xorijiy tillar va milliy merosni bilish orqali aholining madaniy savodxonligi yuksaladi.
Oʻzbekistonda turizm haqida soʻz borganda, birinchi navbatda, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi YUNESSO Butunjahon merosi roʻyxatidan oʻrin olgan shaharlar koʻz oldimizga keladi. Yurtimizdagi har bir shaharni borib koʻrish uchun yuzlab sabab topish mumkin. Toshkent, Qoʻqon, Andijon, Shahrisabz ham zamonaviy qiyofadagi, bagʻrida koʻplab tarixiy obidalar jo boʻlgan hududlardir.
Yurtboshimiz raisligida oʻtkazilgan hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishida soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm xizmatlari eksporti
1,6 barobarga oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetgani taʼkidlandi. Ushbu sohada 2 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik subyektlari ish boshladi. Oʻtgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.
Turizm va servis infratuzilmasi jadal rivojlanishi natijasida soʻnggi sakkiz yilda turizm sohasiga 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon oʻrni ochildi. Mamlakatda 20 ta turizm qishlogʻi faoliyat koʻrsatyapti. Boʻstonliq tumanida «Amirsoy», «Ugam River» kurortlari, turizm zonalari tashkil etildi. Parkent tumanidagi «Oltin bel» choʻqqisida yangi xalqaro togʻ-changʻi zonasi barpo etilyapti. Bularning barchasi, jumladan, mamlakatimizning tarixi, madaniyati va boy tabiati sayyohlar kelishini
2–3 karra koʻpaytirish mumkinligini koʻrsatmoqda.
Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi «Chorvoq darvozasi» majmuasi turizmni rivojlantirish uchun istiqbolli maskanlardan biri hisoblanadi. Yana bir loyiha Yashnobod tumanida okeanarium qurishga qaratilgan. Yangi sayyohlik obyekti 20 gektar maydonni egallaydi. Uning yonida savdo-mehmonxona majmuasini qurish rejalashtirilgan boʻlib, bu 1,6 mingta ish oʻrni yaratish imkonini beradi. Shu bilan birga, Chorvoq suv ombori qirgʻogʻida 10 ta kichik zonalarga boʻlingan xalqaro sayyohlik markazini qurish rejalashtirilmoqda.
Ichki turizmning rivojlanib borishi natijasida statistika mahalliy sayyohlar soni 23 million nafarga yetganini koʻrsatmoqda. Lekin haligacha boshqa viloyatlarga sayohatga bormaganlar koʻp topiladi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan har oyning bir shanba-yakshanbasi «Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni», deb eʼlon qilindi.
Tarixning eng muhim ahamiyati – u oʻtmishimizdan saboq berib, umuminsoniy qadriyatlar va yuksak maʼnaviyat timsolida bunyodkorlik va ezgulikka qarab intilishni, hech qachon yovuzlik bilan maqsadga erishib boʻlmaslikni, har qanday vaziyatda ham tarixiy haqiqat bilan yondashishni oʻrgatadi. Bu borada yurtimizda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlar oʻrtasida turli yoʻnalishlarda musobaqalar oʻtkazilib, gʻoliblarga Oʻzbekiston boʻylab sayohat yoʻllanmasi sovgʻa qilinmoqda. Bu kelajak avlodning ham sogʻlom boʻlishiga, ham tarixiy ildizlarimiz boʻlmish obidalarni oʻz koʻzi bilan koʻrib, maʼnaviy ozuqa olishida katta zamin boʻlib xizmat qiladi.
Shuningdek, «Oʻzbekistonda yana bir kun sayohat» dasturi amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, viloyatlararo turizm obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi «respublika turizm halqalari» hamda tuman va shaharlar oʻrtasida «hududiy turizm halqalari» tashkil etilmoqda. «Toʻrt faslning har birida sayohat» dasturi amalga oshirilmoqda. Masalan, bahor va kuz fasllarida ekologik, ekstremal, tibbiy va sogʻlomlashtirish, yozda suv havzalari va oromgohlar, qishda ekstremal turizm va togʻ-changʻi zonalarining imkoniyatlari targʻib qilinadi. Mazkur turizm mavsumlarining ochilishi uchun festivallar tashkil etilishi ham sayyohlar oqimini oshiradi.
Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish mamlakatning barqaror iqtisodiy oʻsishi va ijtimoiy transformatsiyasida muhim ahamiyatga ega boʻlib, Oʻzbekistonning mintaqadagi yetakchi turizm yoʻnalishi sifatidagi mavqeyini mustahkamlaydi. Bu borada yana bir muhim masala sayyohlar xavfsizligini taʼminlashdan iboratdir. Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlar zamirida yurtimizga kelayotgan sayyohlarga oʻzlarini xavfsiz sezishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻyicha yaratilgan tizim turistik joylarda hamda turistlar tomonidan respublika boʻylab harakatlanish uchun faol foydalanilayotgan temiryoʻl va havo-transport infratuzilmasi obyektlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlarini oʻzida birlashtiradi.
Sayyohlik obyektlari hududida xodimlarga xorijiy hamda mahalliy sayyohlar turli masalalarda koʻmak soʻrab murojaat qilishadi. Kamida 2–3 ta xorijiy tilni biladigan xodimlarning xushmuomalalik bilan oʻz vaqtida koʻrsatilgan amaliy yordamlar doirasida sayyohlarning yoʻqolgan hamyoni va boshqa buyumlari topilib, oʻz egalariga qaytarilmoqda. Bu ham xodimlarning huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning natijasi aslida. Ushbu saʼy-harakatlarga munosib javob sifatida sayyohlarning minnatdorlik soʻzlari xodimlarning beminnat xizmatlariga berilgan munosib bahodir.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, turizm sohasini rivojlantirish, birinchi navbatda, dunyo hamjamiyatida yurtimizning mavqeyini mustahkamlaydi. Chet el investorlari uchun yangi imkoniyatlar va ishonchli hamkorlik eshiklarini ochadi. Respublikamizning makroiqtisodiy koʻrsatkichlari barqarorligiga, aholi daromadlari, bandligi va tadbirkorligi kabi koʻrsatkichlarning yaxshilanishiga omil boʻlib, xizmatlar sohasining yanada takomillashuviga zamin boʻladi.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
