Ichkilikbozlik insonni oxir-oqibat xalokatga yetaklaydigan illatdir. Eng yomoni, spirtli ichimlik ichgan shaxslar mastlik oqibatida ogʻir turdagi jinoyatlarga qoʻl urishi mumkin.
Fargʻona viloyati Furqat tumani Toʻrgʻay qishlogʻida ham ana shu illat oqibatida ogʻir turdagi jinoyat sodir etildi.
Spirtlik ichimlik ichib, shirakayf boʻlgan ikki fuqaroning janjali shu darajaga borib yetadiki, oʻz xatti-harakatining oqibatini anglamay qolgan ulfatlardan biri oshxona pichogʻi bilan sherigiga ogʻir tan jarohati yetkazdi. Natijada jabrlanuvchi shifoxonada vafot etdi.
Mazkur jinoyat viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻraev ishtirokida jinoyat sodir boʻlgan mahallada muhokama qilindi. Tuman sektor rahbarlari, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan muhokama jarayonida ichkilikbozlikning salbiy oqibatlari yana bir bor tilga olindi. Jinoyatning yuzaga kelishiga shart-sharoit yaratgan omillar tahlil qilinib, beparvolik va loqaydlik qoralandi.
Mahallada foliyat olib borayotgan beshlik aʼzolari tomonidan “fuqarobay”, “xonadonbay” oʻrganishlarni muntazam olib borish, ichkilikka ruju qoʻygan, doimiy nozolashib yurgan, jinoyat sodir qilishga moyil shaxslarni oʻz vaqtida aniqlab, taʼsir choralarini koʻrish, ularni toʻgʻri yoʻlga chaqirish kerakligi qayd etildi.
Tadbirda mahalla faollarining fikr-mulohazalari, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish yuzasidan bildirgan takliflari ham eshitildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
